«Lester Siti» 300 million dollarga sotuvga qo‘yildi
Klub hozirda Angliyaning uchinchi darajali ligasi hisoblangan «League One»da to‘p surmoqda.

Angliyaning «Lester Siti» futbol klubi sotuvga qo‘yildi. Bu haqda «Sky sports» nashri xabar berdi.
Sotuv jarayonini tashkil etish maqsadida «Citigroup» investitsiya banki maxsus taqdimot ishlab chiqqan. «Project Lineup» loyihasi nomi ostida shakllantirilgan mazkur paket nafaqat klubning o‘zini, balki unga tegishli bir qator futbol va ko‘chmas mulk aktivlarini ham o‘z ichiga oladi.
Sotuv paketi nimadan iborat?
Qayd etilishicha, potensial xaridorga jamoaning erkaklar va ayollar tarkibi, «King Power» stadioni, mashg‘ulot bazalari, shuningdek, «Lester»ning Belgiyadagi hamkor klubi hisoblangan «OH Leuven» ham beriladi.
Ushbu loyihada jismoniy aktivlar 300 million dollarga baholangan. Biroq «King Power» futbol jamoalarini sotishdan aynan qancha mablag‘ kutayotgani aniq ko‘rsatilmagan.
«Citigroup» tahlillariga ko‘ra, klubning 2026 moliya yilidagi daromadi 131 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Biroq bank jamoaning 2023 va 2025 yillar oralig‘ida ikki marta quyi ligaga tushib ketgani va buning oqibatida ko‘rilgan moliyaviy zararlar haqida hech qanday ma’lumot keltirmagan.
Eslatib o‘tamiz, Srivaddanaprabha oilasi tomonidan boshqariladigan «King Power» kompaniyasi «Lester»ni 2010 yilda Milan Mandarichdan 35 million funtga sotib olgan edi.
Klub «League One»da to‘p surmoqda
Hujjatda qayd etilishicha, «Lester» 2000 yildan buyon ingliz futbolidagi eng muvaffaqiyatli oltinchi jamoa hisoblanadi. Taqdimotda ushbu holat «yuqori divizionlarga chiqish» bo‘yicha ajoyib ko‘rsatkichga ega klubni sotib olish uchun «kamyob imkoniyat» sifatida taqdim etilgan.
«Lester Siti» ketma-ket ikki marta quyi divizionga tushib ketdi va hozirda Angliyaning uchinchi darajali ligasi hisoblangan «League One»da to‘p surmoqda.
«Lester» o‘z tarixida Angliya chempionligini (2016), uch bor Angliya liga kubogini (1964, 1997, 2000), ikki marta Superkubokni (1971, 2021) va bir marta mamlakat kubogini (2021) qo‘lga kiritgan.
