Logo

Markaziy bank: olti oyda so‘mning dollarga nisbatan kursi o‘zgarmadi

Bugun 20:552 daqiqa

2026-yilning birinchi yarmida dollar kursi 11 935–12 320 so‘m oralig‘ida shakllandi va hisobot davri yakunida yil boshidagi darajada qoldi. Shu bilan birga, Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonning almashuv kursi rejimini «sudraluvchi»dan «suzuvchi» maqomiga o‘zgartirdi.

Markaziy bank: olti oyda so‘mning dollarga nisbatan kursi o‘zgarmadi © Ijtimoiy tarmoqlar

Markaziy bankning 2026-yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha ichki valuta bozori sharhiga ko‘ra, yuridik shaxslarning valuta taklifi, eksport tushumlari va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining ortishi ichki valuta bozorida almashuv kursining nisbatan barqaror shakllanishiga xizmat qilgan.

Hisobot davrida AQSH dollarining almashuv kursi 11 935–12 320 so‘m diapazonida tebrangan. Yarim yil yakunida esa kurs 12 009 so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan.

Biroq kursning kunlik tebranishi biroz kuchaygan. Yanvar—iyun oylarida almashuv kursining kunlik ikki tomonlama tebranuvchanligi 30,2 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 22,7 so‘m bo‘lgan.

XVJ O‘zbekistonni «suzuvchi» kurs rejimiga o‘tkazdi

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) joriy yil iyun oyida e’lon qilgan IV modda bo‘yicha hisobotida O‘zbekistonning almashuv kursi rejimini qayta baholab, uni «sudraluvchi» maqomidan «suzuvchi» maqomiga o‘zgartirdi.

Qayd etilishicha, hozirda Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Malayziya, Turkiya, Tailand, Armaniston va Qozog‘iston qatorida jami 33 ta davlat suzuvchi almashuv kursi rejimiga ega.

Markaziy bank bunga valuta bozori infratuzilmasining rivojlanishi, banklarning kurs shakllanishidagi roli ortgani hamda bozor mexanizmlarining kuchaygani sabab bo‘lganini qayd etmoqda.

«Suzuvchi» kurs inflatsiyani jilovlashga xizmat qilishi aytilmoqda

Hisobotda ta’kidlanishicha, milliy valuta kursining moslashuvchan bo‘lishi inflyatsion targetlash tizimi samaradorligini oshirish va iqtisodiyotni tashqi xatarlardan himoya qilishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Markaziy bank fikricha, O‘zbekistonga «suzuvchi» almashuv kursi maqomi berilishi makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlamlash, inflatsiyani pasaytirish hamda iqtisodiyotning tashqi shoklarga bardoshliligini oshirish yo‘lidagi islohotlarning muhim natijasi sanaladi.

Markaziy bank valuta bozorida yangi islohotlarni rejalashtirmoqda

Markaziy bank joriy yil oxiri va 2027-yilda ichki valuta bozorini rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Xususan, regulyator valuta bozoridagi operatsiyalarni riskka asoslangan strategiya asosida amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish, market-meykerlik institutini rivojlantirish va banklarning almashuv kursi shakllanishidagi rolini yanada oshirishni rejalashtirgan.

Shuningdek, savdo infratuzilmasini, hisob-kitob va kliring tizimlarini takomillashtirish hamda valuta xatarlarini xedjirlash bo‘yicha huquqiy va institutsional bazani mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Vaqt.uz avvalroq Fiskal strategiyaga tayanib, O‘zbekistonda so‘mning AQSH dollariga nisbatan o‘rtacha kursi qanday bo‘lishini o‘rgangandi.

Teglar

Mavzuga oid

Markaziy bank: olti oyda so‘mning dollarga nisbatan kursi o‘zgarmadi | Vaqt.uz