
Mirziyoyev Euronewsʼning Toshkentda ofis ochish rejasini qo‘llab-quvvatladi
12.06.2025 | 08:0049462
Toshkent investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Euronews» direktorlar kengashi raisi Pedro Vargasni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston va yetakchi Yevropa axborot agentligi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Mirziyoyev «Euronews»ning Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochish niyatini olqishlab, ushbu tashabbus mamlakat imiji va axborot maydonidagi ishtiroki uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Tomonlar O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi, investitsiyaviy va turizm salohiyatini xalqaro auditoriyaga yetkazish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuvda qo‘shma axborot loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, jurnalistlar uchun malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Jumladan, «Euronews Academy» dasturi doirasida o‘zbekistonlik jurnalistlarni zamonaviy xalqaro standartlar asosida o‘qitish rejasi qo‘llab-quvvatlandi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikni aniq rejalar asosida rivojlantirish uchun «yo‘l xaritasi» tayyorlashga kelishildi. Ushbu tashabbuslar orqali ikki tomonlama axborot almashinuvini yanada mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.





