add

«Moody’s» O‘zbekistonning kredit reytingini ko‘tardi va istiqbolini ijobiy deb baholadi

14.06.2025 | 13:0032614

Xalqaro reyting agentligi «Moody’s» O‘zbekistonning «Ba3» darajali kredit reytingini tasdiqlab, uning kutilmasini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi. Bu iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berilganini anglatadi.

«Moody’s» O‘zbekistonning kredit reytingini ko‘tardi va istiqbolini ijobiy deb baholadi
2025 yil 13 iyun kuni «Moody’s» agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha yangilangan hisobotini e’lon qildi. Hisobotda mamlakatning reyting bahosi «Ba3» darajasida saqlangani, ammo uning kutilmasi «barqaror»dan «ijobiy»ga ko‘tarilgani ma’lum qilindi, deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabarida. Bu baholash O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar va iqtisodiy siyosatning samaradorligi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Jumladan, energetika sohasida tariflarni bozor narxiga yaqinlashtirish, aholini inflyatsiyadan himoya qilish uchun maosh va pensiyalarni ko‘tarish, davlat korxonalariga beriluvchi subsidiyalarni qisqartirish muhim jihat sifatida tilga olingan. Agentlik davlat korxonalari va banklarida mustaqil kuzatuv kengashlarining ulushi oshib borayotganini ham ijobiy baholadi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash, davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish, ochiqlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari alohida qayd etildi. «Moody’s» 2024 yildagi 6,5 foiz iqtisodiy o‘sishni qayd etar ekan, 2025 va 2026 yillarda ham o‘sish sur’atlari mos ravishda 5,8 va 5,7 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda. Infratuzilma, energetika va transportga yo‘naltirilayotgan sarmoyalar iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishi ta’kidlangan. Byudjet taqchilligi 2023 yildagi 4,9 foizdan 2024 yilda 3,3 foizga kamaygan. «Moody’s» kelgusi 2–3 yilda davlat qarzi YAIMga nisbatan 40 foizdan oshmasligini va byudjet taqchilligi 3 foiz darajasida saqlanishini prognoz qilmoqda. Agentlik suveren reyting yanada oshishi uchun davlat boshqaruvini yaxshilash, iqtisodiy barqarorlikni saqlash, ijtimoiy xarajatlarni samarali boshqarish va davlat korxonalarini xususiylashtirish islohotlarini davom ettirishni tavsiya qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid