Namanganda «elektr uzildi» degan gap unutildi — viloyat hokimi
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar to‘g‘risida prezidentga hisobot berdi.
© Foto: Namanga tuman hokimligiNamangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yangi obyektlarni ishga tushirish marosimida viloyatda elektr ta’minoti sezilarli yaxshilanganini aytdi.
«Bitta narsaga amin bo‘lib hamma qaytaryaptiki, O‘zbekistonda, Namanganda elektr uzildi degan gap odamlarning esidan chiqib ketdi», — dedi hokim prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi tadbirda.
Uning ta’kidlashicha, Namanganning o‘zida ikkita 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi, Uchqo‘rg‘on, Norin, Uchqo‘rg‘on tumanlarida 300 megavattga yaqin GESlar qurilishi, Pop tumanida ham yana 200 megavattlik qurilishi aytilgan gaplarning isboti hisoblanadi.
Investitsiyalar o‘smoqda
Abdurazzoqovning aytishicha, Namangan viloyati o‘tgan yili 4 milliard dollar investitsiya jalb qilgan. 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida esa bu ko‘rsatkich 3 milliard 200 million dollarga yetgan.
«Yil yakuni bilan sizga 5 milliard dollar investitsiya kiritishga va’da berganmiz, buning ustida ishlayapmiz, aniq loyihalarimiz bor», — dedi viloyat rahbari.
Uning ma’lum qilishicha, Ozarboyjon bilan ham hamkorlik doirasida qiymati 210 million dollarlik uchta investitsiya loyihasiga start berilgan.
Yo‘llar va yangi vazifalar
Hokim viloyatda ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari ham kengayganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida 1 ming 300 kilometr ichki yo‘l ta’mirlanadi.
So‘nggi yillarda esa Namanganda 6 ming 400 kilometr ichki yo‘l asfaltlangan. Abdurazzoqov bunday ishlar ilgari hech bir sohada bu darajada bo‘lmaganini aytdi.
Hokim bu yil viloyatda barcha manbalar hisobidan 12 trln so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilayotganini aytib, yil yakuniga qadar kambag‘allikni qisqartirish va ishsizlikni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan vazifalar bajarilishiga va’da berdi.
«Biz sizga va’da beramiz, yil yakuni bilan oldimizga qo‘ygan kambag‘allikdan chiqarish, ishsizlikni bartaraf qilish bo‘yicha topshiriqlarni bajaramiz», dedi Shavkat Abdurazzoqov.

