
NATO Germaniyadan 40 ming askar so‘radi — Reuters
29.05.2025 | 20:2033833
NATO Germaniyadan yettita brigada, taxminan 40 ming askar ajratishni so‘radi. Bu taklif 2022 yilda Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya tahdidiga qarshi chora sifatida baholanmoqda.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, NATO Germaniyadan yangi mudofaa rejasi doirasida 40 ming askar va yettita brigada ajratishni so‘ragan. Bu talab kelasi hafta NATOga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.
Alyans harbiy salohiyatni oshirish niyatida. Chunki 2022 yilda Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya katta tahdid sifatida ko‘rila boshlandi. Ayni vaqtda NATO brigadalar sonini 80 tadan 120–130 tagacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Berlin Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyi oxirida o‘tadigan NATO sammitida qaysi qaror qabul qilinishi hozircha noma’lum. NATO rasmiylari bu rejani ambitsiyali, deb atab, aniq tafsilotlarni oshkor etmagan.
2021 yilda Germaniya 2030 yilgacha NATO uchun 10 ta brigada taqdim etishga rozi bo‘lgan edi. Hozirda 8 ta brigada mavjud, yana bir brigada Litvada shakllantirilmoqda va 2027 yilgacha tayyor bo‘lishi kutilmoqda.
Biroq yana 40 ming askar tayyorlash Germaniya uchun murakkab vazifa hisoblanadi. Chunki 2018 yilda belgilangan 203 ming askar maqsadiga hali erishilmagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda taxminan 20 ming doimiy harbiy xodim yetishmaydi.
Bundan tashqari, yangi NATO rejalari hali AQSHning Yevropadagi qo‘shinlarini qisqartirish ehtimolini hisobga olgani yo‘q. Bu esa Yevropa mamlakatlari orasida xavotir uyg‘otmoqda. Chunki NATOning ko‘pgina mudofaa rejalari AQSH kuchlariga suyanadi. Vashington 2025 yil oxirida ittifoqchilar bilan qo‘shinlarni qisqartirish bo‘yicha muzokaralar olib borishini bildirgan.





