
Navoiydagi oltin maydoni boshlang‘ich narxidan 16 baravar qimmatga sotib olindi
19.08.2025 | 12:0037042
18 avgust kuni «E-auksion» maydonida Navoiy viloyati Nurota tumanidagi Temirchi oltin qazib chiqarish maydonida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish huquqi uchun savdolar o‘tkazildi. Tartib 12 soatdan ziyod davom etib, jami 309 ta taklif berildi.

Savdo natijasiga ko‘ra, «Zauris» kompaniyasi 67,78 mlrd so‘mlik taklif bilan g‘olib deb topildi. Bu esa boshlang‘ich narxdan qariyb 16,5 barobar yuqori hisoblanadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «Zauris» kompaniyasi joriy yil iyul oyida Toshkentda tashkil etilgan bo‘lib, ustav fondi 10 mln so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning yagona ta’sischisi va rahbari Feruza Fayziyeva hisoblanadi.
Fayziyeva shuningdek, 2020 yilda tashkil etilgan «Marex Financial» kompaniyasida 70 foiz ulushga ega. Qolgan 30 foizini Marat Kurbangeldiyev egallaydi. Uning «Marex Com» nomli yana bir kompaniyasi 2023 yilda tashkil etilgan.
Temirchi maydoni Zafarabod qishlog‘idan 26,7 km shimoliy-sharqda va Navoiy shahridan 35 km shimolda joylashgan. Maydon maydoni 249 gektar bo‘lib, oltin zaxirasi taxminan 6 tonna deb baholanmoqda.





