add

Onkolog-shifokor: «Mutaxassis yetishmayapti, shuni bila turib yoshlarga yo‘l bermayotganlar — xalq dushmani»

Kecha 21:252133 daqiqa

Tibbiyot fanlari doktori Shermuhammad Umirov Vaqt.uz saytiga bergan intervyusida onkologiyadagi keskin kadr tanqisligi, ta’limdagi cheklovlar va tizimni isloh qilish zaruratini ochiq bayon qildi.



O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan bemorlar soni oshib borayotgan bir paytda onkolog shifokorlar yetishmovchiligi katta. Tibbiyot fanlari doktori, onkolog Shermuhammad Umirov Vaqt.uz saytiga bergan intervyusida sohadagi muammolarning sabablari, uning hukumat ajratadigan mablag‘lar va ta’lim jarayonlariga bog‘liq jihatlari hamda hal qilish yo‘llari haqida gapirdi.

Shifokorga ko‘ra, mamlakatda kadrlar borasida kamchilik va muammolar ko‘p. Shunday ekan, birinchi navbatda talabalarni tayyorlashda onkologiya darsligi uchun ajratiladigan soatlarni ko‘paytirish zarur.

«Tibbiyot universitetlarida onkologiya yo‘nalishi uchun ajratilgan dars soatlari juda kam. Bu soatlarda esa bolalar kerakli bilimni ololmayapti. Soatlar va talabalarga dars beradigan kafedra, shifokorlar oyligi ko‘paytirilishi kerak. Byudjetdan ko‘proq pul ajratgan holda, xavfli kasalliklarning oldini olishga e’tibor qaratish kerak.

Bir narsani aytaman, xavfli o‘sma kasalliklariga ishlatiladigan target terapiyamiz bor, uning bitta ampulasi 3 million so‘mdan to 30 ming dollargacha chiqadi. Shunday dorilarni biz ham topishimiz mumkin. Agar ilmga pul ajratishsa, biz uni bemalol davlatga qaytarib bera olamiz. Laboratoriyalarni yaxshilaylik. Lekin biz oddiy soatlarni ko‘paytirib berolmayapmiz-ku. Kafedralarni ocholmayapmiz, bo‘limlarni ocholmayapmiz», — dedi shifokor taassuf bilan.

Shermuhammad Umirovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bugun onkologiya sohasidagi muammolar ochiq-oydin aytilishi kerak. Ayniqsa, ilmiy-amaliy markazlardagi rahbarlar sohadagi muammolarning qanchalik katta ekanini Sog‘liqni saqlash vaziri va rahbariyatiga tushuntira olishlari kerak.

«Ular mard bo‘lsa va haqiqatda elni, xalqni o‘ylasa, bu muammolarni gapirishi, gapirolmasa, joyini bo‘shatib qo‘yishi kerak. Chunki, mamlakatda kadrlar muammosi juda katta. Men o‘zim shaxsan tuman onkologi bo‘lib ishlaganman, lekin tumanning markaziy poliklinikasida 250 ming aholi uchun 1 yoki bir yarim shtat birligi ajratilgan. Vaholanki, bir tumanning o‘zida ming yoki bir yarim minglab onkologiyaga chalingan bemorlar bor. Bularga qarash kerak. Haqiqatdan ham onkolog yo‘q. Travmatolog, xirrurgni bu joyga biriktirib qo‘yishgan», — dedi Umirov.

Intervyu davomida onkolog shifokor sohadagi kadrlar muammosini qanday yechish mumkinligi haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Hozir tibbiyot universitetlarini yiliga yetti mingga yaqin yoshlar bitirib chiqyapti. Ulardan deylik, 10-15 nafari onkologiyani tanlashi mumkin. Tasvvur qiling, agar ularning bir foizi onkolog bo‘laman desa ham bu biz uchun katta yutuq. Ular endi turli onkologiya markazlariga kelib, ordinatura yoki magistratura o‘qiyman, desa, imtihon qilib, 4-5 nafarini qoldirishmoqda. Qolganlar esa ortga qaytishmoqda. Ular O‘zbekistonda haqiqat yo‘q ekan, degan fikr bilan sohani chet elda o‘qish yoki davom ettirish uchun chiqib ketmoqda.

Xo‘sh, uni yiqitishga qanday haqing bor, u ahir onkolog bo‘laman, kasallikka qarshi kurashib, bemorlarga yordam beraman, deya kelyapti-ku?! Kerak bo‘lsa, ularning ordinaturasidagi kontrakt pullari to‘lanishi kerak-ku?! O‘zimning qancha tanishim shu sabab Yevropa yoki ko‘rfaz arab davlatalariga chiqib ketgan. Chunki ular ordinatura va magistraturaga kira olishmagan.

O‘zbekistonda tor mutaxassislar yetishmayapti, shuni bilgan holda yoshlarni onkologiya sohasida magistratura va ordinaturada o‘qishiga yo‘l bermayotganlar — shu xalqning dushmanidir», — dedi onkolog shifokor Shermuhammad Umirov.

Ma’lumot uchun: Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1-yanvar holatida O‘zbekistonda har 10 ming aholiga o‘rtacha 28,6 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Bu O‘zbekistonda tibbiy kadrlar ta’minoti keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshib borayotgan bo‘lsa-da, ayrim yo‘nalishlarda mutaxassislar yetishmayotganini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonda onkolog, psixiatr va boshqa tor soha mutaxassislarining ulushi har 10 ming aholiga 1 nafardan ham to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi.

FIKR VAQTI dasturining onkologiya sohasiga bag‘ishlangan sonini to‘liq holda ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin:

Teglar

Mavzuga oid