add

O‘zbekiston yetti davlatdan import bojlarini bekor qiladi

03.12.2025 | 11:556852 daqiqa

Saudiya Arabistoni va yana 6 davlatdan olib kelinadigan qurilish materiallari: sement qo‘shimchalari, armatura va mineral xomashyolar uchun import boji bekor bo‘ladi.

O‘zbekiston yetti davlatdan import bojlarini bekor qiladi

Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tasdiqladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Saudiya Arabistoni, Qatar, Mo‘g‘uliston hamda Marokash, Jazoir, Tunis va Misr kabi Shimoliy Afrika davlatlaridan keltiriladigan tovarlarga boj to‘lovlari 2027 yilgacha bosqichma-bosqich bekor bo‘ladi.

Hujjatda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini yillik 62 trln so‘mga yetkazish, eksportni esa 1,5 milliard dollarga oshirish vazifasi belgilangan. Ekologik toza va energiya tejamkor materiallar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, shuningdek, mahsulot xavfsizligini nazorat qilish sanoatdagi asosiy yo‘nalishlardan biri etib belgilandi.

Qurilish materiallari uchun zarur mineral xomashyo, armatura, qo‘shimcha moddalar va boshqa asosiy komponentlarning importi 2028 yil boshigacha bojsiz tartibda amalga oshiriladi. JST bilan ishlaydigan idoralararo komissiya ikki haftada bojsiz olib kirilishi mumkin bo‘lgan xomashyo ro‘yxatini tasdiqlashi kutilmoqda. Bu mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va xarajatlarni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.

Sanoatda qiymati 3,5 milliard dollarlik yangi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va mahalliy hokimliklar bilan birga bir oy ichida bu loyihalarning asosiy parametrlarini belgilash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Afg‘oniston bilan chegaradagi «Termiz» punktlaridan o‘tishda mahalliy korxonalar vakillari uchun xavfsizlik choralari kuchaytiriladi. Qora metall va uning prokati (TN VED 7210) eksportini amalga oshirish tartibi ham yengillashtirilib, ular uchun oldindan to‘lov, bank kafolati yoki eksport shartnomasini sug‘urta qilish talabi joriy etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yildan qurilish materiallari xavfsizligini nazorat qilish kuchaytirilib, talablarga javob bermaydigan korxonalar yagona elektron reyestr orqali davlat xaridlaridan chetlatiladi.

Teglar

Mavzuga oid