O‘zbekistonda g‘oyib bo‘lgan rossiyalikka 23 yillik qamoq jazosi berildi
Qo‘ng‘irot shahrida sirli ravishda yo‘qolib, keyinroq Moskvadagi tergov izolyatorida topilgan rossiyalik Georgiy Pirogov Polsha foydasiga josuslik qilish va Ukraina armiyasini moliyalashtirishda ayblandi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Georgiy Pirogov Moskva shahar sudi tomonidan davlatga xiyonat ishi bo‘yicha 23 yilga qattiq rejimdagi koloniyaga hukm qilinganini ma’lum qildi. FXX 37 yoshli rossiyalikni Polsha maxsus xizmati bilan hamkorlik qilganlikda ayblagan.
FXX ma’lumotiga ko‘ra, Pirogov 2022 yil aprelida Polshada bo‘lgan vaqtida harbiy razvedka vakili bilan mustaqil ravishda aloqa o‘rnatgan. Keyin unga Rossiya qurol-yarog‘lari, raketa majmualari va boshqa maxfiy ma’lumotlarni to‘plash topshirig‘i berilgan.
Shuningdek, Rossiya maxsus xizmati Pirogov Ukraina Qurolli kuchlari ehtiyojlari uchun kriptovalyutada pul o‘tkazgani, harbiy anjomlar sotib olgani va ularni Polsha orqali Ukrainaga yetkazishni tashkil qilganini bildirgan. FXX uning Rossiyaga qanday kelib qolganiga aniqlik kiritmagan.
U O‘zbekistonda g‘oyib bo‘lgan
Pirogov urush boshlanganidan keyin Rossiyadan ketib, Gruziyaga ko‘chib o‘tgan. 2024 yil yozida xizmat safari bilan O‘zbekistonga kelgan, 6-iyul kuni esa Qo‘ng‘irot shahrida g‘oyib bo‘lgan. Keyin uning avtomobili shahardan qariyb 90 kilometr uzoqlikdagi Nukus shahrida topilgan.
Uning yaqinlari Pirogov O‘zbekistondan Buxoro orqali Gruziyaga qaytishni rejalashtirganini aytgan. 9-iyul kuni uning Moskvadagi tergov izolyatorida ekani va davlatga xiyonatda gumon qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Uning RF hududiga aynan qanday borib qolgani hamon noma’lumligicha qolmoqda.





