add

O‘zbekistonda inklyuziv-resurs maktablari tarmog‘i yo‘lga qo‘yiladi

Bugun 19:38822 daqiqa

Yangi qaror alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni sifatli ta’lim va jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan.

O‘zbekistonda inklyuziv-resurs maktablari tarmog‘i yo‘lga qo‘yiladi

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. Hukumatning 24-dekabrdagi 818-sonli qarori bilan ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktablari tashkil etilishi belgilandi.

Qarorga muvofiq, Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida Ko‘p funksional inklyuziv-resurs markazi tashkil etiladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab yoki maktab-internatlar negizida har bir hududda bittadan Ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktabi faoliyat boshlaydi.

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkentdagi Inklyuziv markaz tarkibida tajriba-sinov tariqasida inklyuziv-korreksion maktab ish boshlaydi. Ushbu maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun moslashuv jarayonlari, ta’lim va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, individual ta’lim rejasi asosida korreksion va qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Inklyuziv markaz faoliyati doirasida umumta’lim maktablaridagi inklyuziv sinflarda tahsil olayotgan nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun asosiy darslarga qo‘shimcha fanlar, kasbiy yo‘naltirish va korreksion mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu bolalarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish va mustaqil hayotga tayyorlashga xizmat qiladi.

Qarorda pedagog kadrlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2027 yil 1-yanvardan Inklyuziv markazda davlat ta’lim tashkilotlari maxsus pedagoglarining bilim va ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi. Bu inklyuziv ta’lim sifati va mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan.

2027/2028 o‘quv yilidan esa hududlarda inklyuziv maktablar faoliyati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Mazkur choralar mamlakatda inklyuziv ta’lim tizimini kengaytirish va barcha bolalar uchun teng ta’lim imkoniyatlarini ta’minlashga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid