
O‘zbekistonda malakani baholash tizimiga yangi tartib joriy etildi
23.06.2025 | 18:3326453
2025 yil 17 iyunda qabul qilingan hukumat qaroriga asosan, O‘zbekistonda fuqarolarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini baholash bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kirdi. Yangiliklar ilk marta malakani baholash markazlarini tashkil etishni ko‘zda tutadi.

Vazirlar Mahkamasining 369-sonli qarori bilan O‘zbekistonda milliy malakalar tizimini tartibga soluvchi yangi me’yoriy hujjatlar tasdiqlandi. Qaror 2025 yil 18 iyundan amal qilishni boshladi va u Milliy qonunchilik bazasida e’lon qilindi.
Ushbu hujjatga muvofiq, malakani baholash markazlari to‘g‘risida namunaviy nizom tasdiqlandi. Yangi markazlar fuqarolarning bilim va ko‘nikmalarini belgilangan kasb standartlariga muvofiq baholash, imtihonlarni tashkil etish hamda baholash vositalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Markazlar, shuningdek, baholash jarayonining shaffof va xolis bo‘lishini ta’minlash, tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasini ham bajaradi. Har bir kasb uchun ishlab chiqiladigan baholash vositalari ochiq manbalarda e’lon qilinadi va ularning amal qilish muddati besh yil etib belgilangan.
Baholash vositalariga testlar va amaliy topshiriqlar shaklidagi imtihonlar, baholash mezonlari, mehnat funksiyalari ro‘yxati, xavfsizlik va sanitariya talablari hamda foydalanilgan manbalar to‘g‘risida ma’lumotlar kiritiladi.
Bundan tashqari, Respublika kasbiy malakalar kengashi, tarmoq kengashlari va baholash markazlarini akkreditatsiya qilish tartibini belgilaydigan ma’muriy nizomlar ham tasdiqlandi.





