O‘zbekistondagi xorijiy talabalarning yarmidan ko‘pini hindistonliklar tashkil etadi
2025-yil holatiga mamlakatda 24 647 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Ularning asosiy qismi tibbiyot yo‘nalishida o‘qiydi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan xorijiy talabalar bo‘yicha tahlilni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 2025-yil holatiga mamlakatda 24 647 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Kontingent 50 dan ortiq davlat fuqarolaridan shakllangan bo‘lsa-da, asosiy oqim bir necha mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eng katta ulush Hindiston fuqarolariga tegishli bo‘lib, ularning soni 13 060 nafarni tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Turkmanistondan 4 884 nafar, Pokistondan 1 165 nafar va Qozog‘istondan 1 129 nafar talaba qayd etilgan.
Hududlar bo‘yicha
Xorijiy talabalarning 11 556 nafari yoki 46,9 foizi Toshkent shahrida tahsil olmoqda. Samarqandda 4 382 nafar, Buxoroda 2 879 nafar, Farg‘onada 1 809 nafar, Andijonda 1 495 nafar va Xorazmda 1 407 nafar xorijiy talaba o‘qiydi.
Ushbu olti hudud hissasiga jami xorijiy talabalarning 95,5 foizi yoki 23 528 nafari to‘g‘ri keladi. Qolgan hududlarda ularning soni ancha kam.
Shu bilan birga, eng ko‘p xorijiy talaba tahsil olayotgan 10 ta oliy ta’lim tashkilotida 20 200 nafar talaba jamlangan. Bu umumiy kontingentning qariyb 82 foizini tashkil etadi.
Tibbiyot yo‘nalishi asosiy tanlov
Xorijiy talabalar orasida tibbiyot yo‘nalishi eng ommabop soha bo‘lib qolmoqda. Tibbiyotga ixtisoslashgan oliy ta’lim tashkilotlarida 15 656 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda.
Bu tibbiyot oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan barcha mahalliy va xorijiy talabalarning 14,32 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, xorijiy talabalarning 22 685 nafari yoki 92,04 foizi davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olmoqda. Bu xorijiy talabalar asosan davlat OTMlari va ayrim ta’lim muassasalarida jamlanganini ko‘rsatadi.
Talablarning asosiy qismi yoshlar
Xorijiy talabalarning 12 691 nafari yoki 51,5 foizi 21–25 yosh oralig‘ida. 17–20 yoshdagi talabalar soni esa 8 787 nafarni yoki 35,7 foizni tashkil etadi.
Demak, xorijiy talabalarning 87,2 foizi 17–25 yosh oralig‘iga to‘g‘ri keladi. 26–30 yoshdagilar 2 000 nafar, 30 yoshdan oshganlar esa jami 1 169 nafarni tashkil etgan.
Gender tarkibi deyarli muvozanatli: 12 101 nafar ayol va 12 546 nafar erkak talaba qayd etilgan.
Agentlik xorijiy talabalarni jalb qilishni faqat tibbiyot bilan cheklamasdan, muhandislik, raqamli texnologiyalar, iqtisodiyot, pedagogika va agrar sohalarga ham kengaytirishni tavsiya qildi.
Shuningdek, ingliz tilidagi dasturlar, ko‘p tilli axborot resurslari va xorijiy talabalar uchun qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish zarurligi ta’kidlangan.





