
Prezident Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyuradi
19.06.2025 | 10:2514722
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, sanoat, energetika, tibbiyot va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishadi. Shuningdek, u mahallalardagi obodonlashtirish ishlarini ham ko‘zdan kechiradi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, tashrif doirasida davlat rahbari viloyatda olib borilayotgan islohotlar va hududiy rivojlanish jarayonlarini bevosita o‘rganadi.
Mirziyoyev turli sohalardagi qator ishlab chiqarish korxonalari, tibbiyot muassasalari va turistik ob’ektlarga tashrif buyuradi. Shu bilan birga, energetika tarmog‘ida amalga oshirilayotgan loyihalar holati ham o‘rganiladi.
Shu kuni Qarshi shahrida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan yig‘ilish ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda mahalliy hokimliklar, vazirliklar va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi.
Ushbu tashrif Prezidentning mintaqalardagi holatni o‘rganish va joylardagi muammolarga yechim topishga qaratilgan amaliy ishlarining navbatdagi bosqichi hisoblanadi.





