add

Putin iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi uchun hukumatni tanqid qildi

16.09.2025 | 09:3010225

Rossiya prezidenti Kremldagi yig‘ilishda iqtisodiyotdagi pasayishni muhokama qilib, vazirlardan yangi choralar talab qildi.

Putin iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi uchun hukumatni tanqid qildi
Vladimir Putin Rossiya iqtisodiyotidagi keskin sekinlashuvni qayd etib, hukumat a’zolarini bu boradagi sust faoliyat uchun tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, iqtisodiy o‘sish deyarli to‘xtagan, inflyatsiyaga qarshi choralar esa kutilgan natijani bermayapti. «Bundan bir yil oldin biz inflyatsiyaga qarshi kurashish kerakligini tan olgandik. Bu esa iqtisodiyotni «sovutish»ga olib kelishi aniq edi. Lekin buni nazoratli ravishda amalga oshirish shart edi», — dedi Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil iyul oyida YAIM o‘sishi atigi 0,4 foizni tashkil qilgan. Yanvar-iyul oylarida esa umumiy o‘sish 1,1 foiz bo‘lgan, bu esa qo‘yilgan maqsadlardan ancha past. Prezident yig‘ilishda qatnashgan vazirlar va Markaziy bank amaldorlariga murojaat qilib: «Bu natijalar yetarlimi? Biz kutgan natijamiz shundaymidi?» — deb savol berdi. U mavjud vaziyatni tahlil qilib, «yangi va samarali iqtisodiy choralar» zarurligini ta’kidladi. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2022–2023 yillarda Rossiya iqtisodiyoti mos ravishda 4,1 foiz va 4,3 foizga o‘sgan. Biroq 2024 yilda bu ko‘rsatkich to‘rt baravarga pasaydi. Ayrim tarmoqlar, jumladan, yengil sanoat va metallurgiya, retsessiyaga uchradi: mebel ishlab chiqarish 12 foizga, kiyim-kechak 7 foizga, elektr uskunalari 6,5 foizga kamaydi. Hukumat avvalida 2,5 foizlik iqtisodiy o‘sish va’da qilgan bo‘lsa-da, sentyabrda prognoz 1,5 foizga tushirildi, keyinchalik 1,2 foizga qayta ko‘rib chiqildi. Bu Jahon banki va XVJ baholashlarida ko‘rsatilgan 3 foizlik global o‘sishdan ikki barobar kamdir. «Interfaks» manbasiga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi byudjet imkoniyatlarini cheklamoqda. Avvalida 0,5 foiz taqchillik bilan ishlangan byudjet 1,7 foiz taqchillikkacha ko‘tarilgan, ammo bu rejani ham amalga oshirish murakkab bo‘lishi aytilmoqda. Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oxiriga kelib federal byudjetda 4,2 trln rubllik katta teshik yuzaga kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 150 baravar ko‘p. Shu bois hukumat 2026 yilda soliqlarni oshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda — QQS 20 foizdan 22 foizgacha ko‘tarilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Putin iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi uchun hukumatni tanqid qildi | Vaqt.uz