Putin neft eksporti va Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari faoliyati haqidagi ma’lumotlarga kirishni chekladi
Prezident farmonida eksportga mo‘ljallangan yoqilg‘i-energetika majmuasi mahsulotlari va xizmatlarining narxi, ularning sotuvchilari va xaridorlari, tashuvchilari, ekspeditorlari va sug‘urtalovchilari haqidagi ma’lumotlarga kirishni cheklash ham nazarda tutilgan. Hujjat bunday mahsulotlarni yetkazib berish shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblar, ularni eksport qilishda foydalaniladigan transport vositalari va tashish yo‘nalishlari haqidagi ma’lumotlarga kirishni ham cheklaydi.
© ReutersRossiya prezidenti Vladimir Putin yoqilg‘i-energetika majmuasi (YOEM) sohasidagi ma’lumotlarga kirishni cheklovchi farmonni imzoladi. Tegishli hujjat huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi. Farmonda bu qaror AQSH va unga qo‘shilgan xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning «do‘stona bo‘lmagan va xalqaro huquqqa zid harakatlariga javoban zudlik bilan chora ko‘rish zarurati» bilan bog‘liq ekani aytilgan.
YOEM sohasida kirish cheklanadigan ma’lumotlar ro‘yxatiga Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlarida neftni qayta ishlash va mahsulot ishlab chiqarish hajmlari haqidagi ma’lumotlar, eksport qilinayotgan mahsulotlarning hajmi va qiymati, ularning sotuvchilari va xaridorlari, shuningdek, tashuvchilar, ekspeditorlar va sug‘urtalovchilar haqidagi ma’lumotlar kiritilgan. YOEM mahsulotlarini yetkazib berish shartnomalari bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblar, eksport jarayonida foydalaniladigan dengiz transporti, konteyner raqamlari va transport hujjatlari rekvizitlari haqidagi ma’lumotlarga kirish ham cheklanadi.
Ro‘yxatga, shuningdek, mahsulotlarni yetkazib berish yo‘nalishlari, tashish marshrutlari, mahsulotni topshirish, yuklash, qayta yuklash, manzilga yetkazish va olib chiqish joylari haqidagi ma’lumotlar ham kiritilgan. Bunga mahsulot yuklanadigan, qayta yuklanadigan va/yoki «tovarlarni texnologik to‘plash» amalga oshiriladigan dengiz terminallarining nomlari ham kiradi.
Cheklovlar dengiz terminallari operatorlarining nomlari, foydalanilayotgan omborlar va ombor maydonlarining geografik koordinatalari, shuningdek, eksport qilinayotgan mahsulot bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarning sanasi va vaqti haqidagi ma’lumotlarga ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, ro‘yxatga Rossiyadan YOEM mahsulotlarini olib chiqishda bojxona operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ma’lumotlari hamda yuridik shaxs tomonidan mahsulot eksporti bo‘yicha bojxona statistikasi haqidagi ma’lumotlar kiritilgan. Farmonda nazarda tutilgan holatlarda benzin va dizelni sotish bo‘yicha rejalashtirilayotgan hajmlar hamda birja orqali ularni sotish bo‘yicha tuzilgan bitimlar hajmi haqidagi ma’lumotlarga kirish ham cheklanadi.
Hujjatga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari va internetda tarqatish mumkin emas. Hujjat 28-sentabr kuni imzolanganidan so‘ng kuchga kirgan. Farmonda, shuningdek, hukumat o‘n kun ichida uning qoidalari tatbiq etiladigan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi va Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha mahsulotlarni umumrossiya klassifikatori bo‘yicha tovar kodlari ro‘yxatini belgilashi kerakligi aytilgan.
19-sentabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi «jazolovchi sanksiyalar» to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjatda, jumladan, Rossiya energoresurslarining beshta yirik xaridori — Xitoy, Hindiston, Slovakiya, Vengriya va Ozarboyjonga nisbatan 100 foizgacha boj joriy etish imkoniyati nazarda tutilgan. Qonunda, shuningdek, Rossiyaning «soyadagi floti», mamlakat moliya institutlari, jumladan, Markaziy banki hamda yirik davlat energetika loyihalariga qarshi sanksiyalar joriy etish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘tgan hafta Trampning Rossiyaga qarshi «jazolovchi sanksiyalar» to‘g‘risidagi qonunni imzolashi Rossiya-Amerika munosabatlarini tiklash va Ukrainadagi mojaroni hal qilish jarayoniga yordam bermasligini aytdi. Kreml vakili, shuningdek, Moskva savdo hamkorlari bilan doimiy aloqada ekanini va ularning barchasi bunday siyosatga qarshi ekanini ta’kidlagan.





