Logo

Qahramon Quronboyev yangi lavozimga tayinlandi

Kecha 16:141 daqiqa

Mahallalar uyushmasining sobiq raisi Vazirlar Mahkamasiga ishga o‘tdi.

Qahramon Quronboyev yangi lavozimga tayinlandi © gov.uz

O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi sobiq raisi Qahramon Qo‘chqorovich Quronboyev Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Joriy yilning 5-sentabr kuni Quronboyev Mahallalari uyushmasi raisi lavozimidan ozod etilgandi.

Ma’lumot uchun, Qahramon Qo‘chqorovich Quronboyev 1970 yil 20-fevralda Xorazm viloyatining Shovot tumanida tug‘ilgan. 1992 yilda Toshkent davlat universitetini, 2004 yilda esa Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Siyosatshunoslik fanlari doktori hisoblanadi. U o‘z mehnat faoliyati davomida asosan yoshlar siyosati, ma’naviyat va davlat boshqaruvi tizimida yuqori lavozimlarda ishlagan. Xususan, 1997–2008 yillarda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. Keyinchalik O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Davlat boshqaruvi akademiyasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, shuningdek, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari (2013–2015) vazifalarida mehnat qilgan.

Shu bilan birga, Quronboyev Vazirlar Mahkamasi sho‘’ba mudiri, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi (2017–2019) sifatida faoliyat yuritgan.

Mahallalar uyushmasiga o‘tguniga qadar, ya’ni 2019 yildan 2024 yilgacha u Prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, Prezident Administratsiyasining Yoshlar siyosati departamenti rahbari lavozimlarida ishlagan.

Teglar

Mavzuga oid