Raketalar soyasidagi millardlar: Eron bilan yarashuv nega orqaga surilmoqda?

Kecha 10:305 daqiqa

Ko‘rfazdagi beqarorlikning har bir yangi haftasi dunyo davlatlarini Qatar gazidan voz kechishga va AQSH bilan uzoq muddatli energetik shartnomalar imzolashga majbur qilmoqda.

Raketalar soyasidagi millardlar: Eron bilan yarashuv nega orqaga surilmoqda? © Wikimedia Commons

Haftalar davomida dunyo Fors ko‘rfazidagi harbiy keskinlikni kuzatdi. Matbuotning diqqat markazida raketa zarbalari, harbiy-dengiz kuchlarining safarbar etilishi, neft narxlari va mintaqada yirik urush chiqish xavfidan kelib chiqqan xavotirlar bo‘ldi. Hukumatlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar global retsessiyani keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ammo shov-shuvli geosiyosiy sarlavhalar ortida boshqa bir manzara — sokin va deyarli sezilmaydigan jarayon rivojlanayotgan edi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar qanchalik cho‘zilgani sayin, global suyultirilgan tabiiy gaz (STG) bozori Qo‘shma Shtatlar tomon shunchalik faol yuzlandi.

1

Bu o‘zgarish, ehtimol, butun inqirozning eng muhim iqtisodiy oqibatlaridan biriga aylanishi mumkin.

Harbiy harakatlar boshlanguniga qadar STG bozorini sanoqligina yetakchi eksportchilar o‘z qo‘lida ushlab turardi. Qatar — strategik nufuzga ega bo‘lgan eng yirik va muhim ta’minotchilardan biri. Mamlakat eksportining muhim qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tgani sababli, bu tor suv yo‘lagi sayyoradagi eng muhim energetika tugunlaridan biriga aylangan. «Reuters» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, kengayish rejalari doirasida «Qatar Energy» jahon STG bozorining qariyb chorak qismini egallashni maqsad qilgan edi. Osiyoning yirik iqtisodiyotlari — Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Hindiston Qatardan keladigan STGga sezilarli darajada qaram edi. Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng Rossiya gaziga tobelikni kamaytirgan Yevropa esa, o‘z energetika bozori barqarorligining tayanchi sifatida import qilinadigan STGga tobora ko‘proq suyana boshlagandi.

Ayni paytda Eron bilan bog‘liq nizo avj olishda davom etdi. Keskinlik kuchayib borgani sari, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi tobora bashorat qilib bo‘lmaydigan holatga keldi. Gaz tashuvchi tankerlar uchun sug‘urta stavkalari keskin ko‘tarilib ketdi. Ta’minotning bir qismi kechiktirildi, boshqa yo‘nalishga burildi yoki butunlay to‘xtatildi. «Reuters» xabarlariga ko‘ra, hujumlar Qatarning STG infratuzilmasining bir qismiga zarar yetkazib, butun mintaqa bo‘ylab eksportni to‘xtatib qo‘ydi. To‘satdan, Yaqin Sharq energetikasiga bo‘lgan global qaramlikning strategik zaifligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Xuddi mana shu nuqtada Qo‘shma Shtatlar sahnaga chiqdi.

2

O‘n yil avval yuz bergan slanets inqilobi Amerikani energiya tashuvchilarning yirik importchisidan STGning yetakchi eksportchisiga aylantirgan edi. Texas, Luiziana va boshqa bir qator hududlardagi keng ko‘lamli qazib olish ishlari Meksika ko‘rfazi sohilida eksport uchun mo‘ljallangan STG terminallari qurilishining yangi to‘lqiniga turtki berdi. 2025 yilga kelib, Amerika STGsini Yevropaga yetkazib berish hajmi allaqachon rekord ko‘rsatkichlarga yetgan edi. AQSH Energetika axboroti boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Amerika STG eksportining qariyb 68 foizi aynan Yevropa hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shunday bo‘lsa-da, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz keskinlashganidan so‘ng, Amerika STGsiga bo‘lgan talab yanada keskin oshdi. Ilgari asosan Qatar gaziga tayangan davlatlar zudlik bilan muqobil ta’minotchilarga ehtiyoj seza boshladi. Yevropa hukumatlari Amerika energetika kompaniyalari bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzishga kirishdi. Osiyolik iste’molchilar esa Ko‘rfazdagi beqarorlik sababli xavfli yo‘nalishlardan voz kechib, ta’minotni diversifikatsiya qilishni boshladi.

«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, inqiroz davrida jahon STG narxlari osmonga sapchidi, Amerikadan yuklanayotgan eksport hajmi esa ham Yevropa, ham Osiyo bozorlari bo‘ylab kengaydi. Boshqacha qilib aytganda, beqarorlikning har bir qo‘shimcha haftasi Amerika STGsining strategik qadrini oshirib boraverdi. Bu esa o‘ziga xos noqulay savollarni o‘rtaga tashlaydi: Amerika energetika kompaniyalari bu vaziyatdan iqtisodiy foyda olayotgan bir paytda, Vashington inqirozni hal qilishdan haqiqatan ham manfaatdormi?

To‘g‘ri, STGdan ko‘riladigan foydani maksimal darajaga ko‘tarish maqsadida nizo ataylab cho‘zilgani haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar yo‘q — biroq buning ortidagi iqtisodiy manfaatlar shunchalik yaqqol ediki, ularni inkor etib bo‘lmasdi. Vaziyatni barqarorlashtirishdagi har bir kechikish jahon bozoridagi STG taklifini qisqartirib boraverdi.

Ho‘rmuzdagi har bir yangi silkinish Amerika eksportchilarining muzokaralardagi mavqeini yanada kuchaytirdi. Ko‘rfazdagi beqarorlikning har bir yangi to‘lqini tobora ko‘proq davlatlarni Amerika kompaniyalari bilan uzoq muddatli energetik hamkorlik o‘rnatishga undardi.

Shu bilan birga, Amerikaning suyultirilgan gaz infratuzilmasiga kiritilayotgan investitsiyalar jadal sur’atlarda o‘sib bordi.

Yangi eksport terminallarini qurish moliyalashtirildi va quvurlar quvvatini kengaytirish davom etdi. Energetika investorlari Ho‘rmuzdagi uzilishlarni o‘ziga xos ishora sifatida qabul qilishdi: xaridorlarning keyingi to‘lqini geografik jihatdan zaif ta’minotchilardan ko‘ra, siyosiy jihatdan barqaror bo‘lganlariga ustunlik beradi. «Reuters» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ko‘rfazdagi beqarorlik chuqurlashib borgani sari Amerikaning STG loyihalari milliardlab dollarlarni jalb qilishda davom etgan.

Bu holat moliya bozorlarining reaksiyasida ham o‘z aksini topdi. Amerikaning yirik STG kompaniyalari aksiyalari ko‘tarildi: treyderlar real vaqt rejimida yangi geosiyosiy voqelik shakllanayotganini qayd etishdi. AQSH endi STG bozorida shunchaki raqobatchi emasdi — u Fors ko‘rfaziga ishonchli muqobil bo‘lib borardi.

Shu bilan bir vaqtda Qatarga bo‘lgan bosim ham kuchaydi. Tahlilchilar ushbu mamlakatning Ho‘rmuz bo‘g‘oziga qattiq qaramligi jiddiy zaiflik ekanidan ogohlantirdi. Hatto qisqa muddatli uzilishlar ham butun Yevropa va Osiyo bo‘ylab salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

3

O‘nlab yillar davomida Yaqin Sharqning energetik qudrati jahon iqtisodiyotining qiyofasini belgilab berdi. Ammo Ho‘rmuz inqirozi yirik miqdordagi ta’minotni bitta zaif yo‘lakda to‘plash qanchalik xavfli ekanini ko‘rsatdi. Buni anglab yetish Qo‘shma Shtatlarning foydasiga ishladi. Amerika STGsi to‘satdan shunchaki yoqilg‘i bo‘lishdan chiqib, o‘ziga xos geosiyosiy sug‘urtaga aylandi.

Bu o‘zgarish prinsipial ahamiyatga ega, chunki energetik xavfsizlik tashqi siyosat, harbiy strategiya va xalqaro ittifoqlar tizimidan ajralmas holga keldi. Yillar davomida mamlakatlar faqat bitta savolni o‘rtaga tashlardi: gazni kim arzonroq taklif qiladi? Endi esa ular boshqacha savol bermoqda: geosiyosiy larzalar sharoitida ishonchli ta’minotni kim kafolatlay oladi? Va bu savolga tobora ko‘proq «Qo‘shma Shtatlar» deb javob berilmoqda.

Albatta, Amerika iqtisodiyoti yaxlitligicha yutuqqa erishdi, deb bo‘lmaydi. Energiya tashuvchilarning jahon bozoridagi narxlari o‘sishi inflatsiyani oziqlantirishda davom etdi, transport xarajatlarini oshirdi va iste’molchilarga bosimni kuchaytirdi. Neft hamon global bozorlarda sotilmoqda, demak, Amerika haydovchilari va sanoati Ko‘rfazdagi beqarorlik oqibatlarini o‘z zimmasiga olishda davom etmoqda. Biroq AQSHning STG sektori ushbu inqirozdan yanada kuchayib chiqdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida noaniqlik kuchayib borgani sari, butun dunyo bo‘ylab tobora ko‘proq xaridorlar o‘zlarining uzoq muddatli strategiyalarini qayta ko‘rib chiqa boshladi. Importchilar asta-sekin zaif kema qatnovi tugunlariga qaramlikni kamaytirdi. Hukumatlar energiya ta’minotini diversifikatsiya qilishga kirishdi. Investorlar esa o‘z kapitalini Shimoliy Amerikaning STG infratuzilmasiga yo‘naltirdi. Natijada jahon energetika bozorida kuchlarning keng ko‘lamli qayta taqsimlanishi yuz berdi.

Jamoatchilik e’tibori raketa zarbalari, diplomatik muzokaralar va harbiy keskinlashuvga qaratilgan bir paytda, STG bozori qayta qurilayotgan edi. Dunyo aslida nima sodir bo‘lganini to‘liq anglab yetguniga qadar, Qo‘shma Shtatlar sayyoraning eng muhim energetika bozorlaridan birida o‘z hukmronligini allaqachon mustahkamlab bo‘lgandi.

Teglar

Mavzuga oid