Raqobat qo‘mitasi fuqarolar murojaatlari yuzasidan Chiqindilarni boshqarish agentligiga so‘rov yubordi
Murojaatlarda asosan chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilmasligi, xizmatlar sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanishi hamda buning oqibatida fuqarolarning elektr energiyasi to‘lovlariga cheklovlar qo‘yilgani yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi asossiz qarzdorlik holatlari tufayli elektr ta’minotiga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish masalasida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga rasmiy so‘rov yo‘lladi. Qo‘mita bu qarorni fuqarolar murojaatlari keskin ortgani bilan izohladi.
Murojaatlar soni ortgan
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmati bo‘yicha 1141 ta murojaat kelib tushgan. 2026 yilning dastlabki oylarida esa ushbu ko‘rsatkich 850 tadan oshgan. Murojaatlarda asosan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmasligi, xizmat sifati pastligi, shartnoma shartlariga rioya etilmasligi hamda asossiz qarzdorlik hisoblanishi natijasida elektr to‘lovlariga cheklov qo‘yilgani yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.
O‘rganishlar ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqishning belgilangan minimal davriyligiga amal qilinmayotganini ko‘rsatdi. Asosiy shikoyatlar Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.
Agentlikdan nimalar so‘raldi?
Qo‘mita so‘rovida chiqindilarni o‘z vaqtida va sifatli olib ketishni ta’minlash, asossiz qarzdorliklar hisoblanishining oldini olish hamda shunday holatlarda elektr to‘lovlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish choralari talab etilgan.
Qonunchilik nima deydi?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xizmat belgilangan muddat va davriylikda ko‘rsatilishi shart. Xizmat sifatsiz yoki umuman ko‘rsatilmagan taqdirda iste’molchi tegishli davr uchun to‘lovdan ozod etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 95-son qarori va «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun normalariga muvofiq, ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olish taqiqlanadi. Shuningdek, 648-son qarorga binoan, qarzdorlik hisobini yuritish va uni bartaraf etish agentlik vakolatiga kiradi.
Qo‘mita fuqarolarni xizmat sifati bilan bog‘liq holatlarda murojaat qilishga chaqirdi va masala ustidan nazorat davom ettirilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 5-fevral holatiga respublika bo‘yicha chiqindi xizmati uchun to‘lanmagan qarzdorlik 108,9 mlrd so‘mni tashkil etganligi haqida xabar berilgan edi. Shu munosabat bilan 1 174 686 nafar abonent «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «2100» qisqa raqamidan SMS-xabarnoma orqali ogohlantirilgan. Chiqindi xizmatidan qarzdor 199 mingta abonentning elektr to‘loviga cheklov o‘rnatilgan.
Shuningdek, tahririyatimizga respublikaning turli hududlaridan chiqindi olib ketish xizmatidagi uzoq muddatli uzilishlar haqida murojaatlar kelishi so‘nggi haftalarda sezilarli ko‘paygan edi. Vaqt.uz muxbiri shu kabi murojaatlar ko‘paygani yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Axborot xizmati rahbari Dilnoza Komilova bilan bog‘langan.





