
Raqobat qo‘mitasi propan narxlarining sun’iy oshirish yuzasidan ish qo‘zg‘atdi
Raqobat qo‘mitasi metan cheklovlari davrida suyultirilgan gaz — propan narxlarini sun’iy oshirish alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.

Raqobat qo‘mitasi 2025 yil noyabr–dekabr oylarida metan gaziga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan sharoitda suyultirilgan gaz narxlarini asossiz oshirish alomatlari bo‘yicha rasmiy ish qo‘zg‘atdi. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim bozor ishtirokchilari ushbu vaziyatdan foydalanib, narxlarni sun’iy ravishda ko‘tarishga urinish qilgan.
Qo‘mita ushbu davrda bozor barqarorligini saqlash maqsadida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga profilaktik ogohlantirishlar yuborgan. Ularda metan gaziga qo‘yilgan cheklovlardan foydalanib, suyultirilgan gaz narxlarini asossiz oshirmaslik qat’iy talab etilgan edi. Bu choralar bozorda adolatli raqobat tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan.
Shunga qaramasdan, tekshiruvlar davomida ayrim kompaniyalar tomonidan manipulyatsiya va muvofiqlashtirilgan harakatlar alomatlari aniqlangan. Bunday harakatlar raqobat qonunchiligiga zid bo‘lib, iste’molchilar manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Aniqlangan holatlar asosida Qo‘mita tomonidan qonunbuzilishi alomatlari yuzasidan tegishli ish qo‘zg‘atish jarayonlari boshlangan. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, aybdor deb topilgan sub’ektlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo‘llanilishi mumkin.
Shu bilan birga, birja savdolarida narxlarni barqarorlashtirish maqsadida qo‘shimcha «korreksiyalashtiruvchi» choralar amalga oshirilmoqda. Xususan, bozor ishtirokchilariga suyultirilgan gazni birjaga to‘liq hajmda va uzluksiz tarzda chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Bu choralar bozorda sun’iy tanqislik va keskin narx o‘zgarishlarining oldini olishga qaratilgan.
2025 yil iyun oyida suyultirilgan gaz — propan narxi birja savdolarida 30 foizga oshgani qayd etilgan.
Milliy statistika bergan ma’lumotga ko‘ra, oktabr oyida propan narx 3,3 foizga oshgan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda mahalliy propan hajmi qisqarib, import hissasi ortishi narx shakllanishiga bosim o‘tkazyotganini bildirgan edi.





