Logo

Rossiya iqtisodiyoti yilning ikkinchi choragida 1,3 foizga o‘sdi

Bugun 14:252 daqiqa

Bu o‘sishga budjet xarajatlari va neft narxining yuqoriligi yordam berdi.

Rossiya iqtisodiyoti yilning ikkinchi choragida 1,3 foizga o‘sdi

Rossiya YAIM (yalpi ichki mahsuloti) 2026-yilning ikkinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 foizga o‘sdi. Bu haqda Rossiya Davlat statistika qo‘mitasi (Rosstat)ning dastlabki ma’lumotlarida aytilgan.

Bu ko‘rsatkich Rossiya Markaziy banki va Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi prognozlaridan yuqori bo‘ldi. Ular mos ravishda 0,8 foiz va 0,9 foiz o‘sishni kutgan edi. Birinchi chorakda esa Rossiya iqtisodiyoti yillik hisobda 0,2 foizga qisqargan.

Rosstat ma’lumotlari e’lon qilingach, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi 2026-yilning birinchi yarmidagi iqtisodiy o‘sish prognozini 0,3 foizdan 0,6 foizga oshirdi. Shu bilan birga, Rossiya Markaziy banki 2026-yil yakunida iqtisodiyot 1 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda o‘sishini kutmoqda. 2025-yilda Rossiya YAIMi 1 foizga, 2024-yilda esa 4,9 foizga o‘sgan.

«The Insider» nashrining yozishicha, ikkinchi chorakdagi o‘sishga bir nechta omil ta’sir qilgan:

«Iqtisodiyot ikkinchi chorakda yil boshiga nisbatan yaxshiroq natija ko‘rsatishi oylik statistikalardan ham ma’lum edi. Bunga qisman taqvim ham ta’sir qildi: 2026-yil aprel-iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga qaraganda ish kunlari ko‘proq bo‘ldi. Shuningdek, budjet xarajatlarining oshishi va neft narxlarining yuqoriligi ham iqtisodiyotga yordam berdi».

Inflatsiya qanday?

Rosstat ma’lumotiga ko‘ra, 4–10-avgust kunlari Rossiyada iste’mol narxlari 0,06 foizga pasaygan. 10-avgust holatiga yillik inflatsiya 6,05 foiz. Rossiya Markaziy banki 2026-yil yakunida inflatsiya 6–7 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda. Ayni paytda mamlakatda asosiy foiz stavkasi 14 foizni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukraina zarbalari fonida ilk bor Hindistondan benzin ola boshlagandi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya iqtisodiyoti yilning ikkinchi choragida 1,3 foizga o‘sdi | Vaqt.uz