Rossiyadan mahbuslarini qaytarishda chorasiz O‘zbekiston, Hayit oldi ogohlantirilgan savdogarlar va Toshkentda yangi pulli magistral yo‘li — 26-may dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik mahbuslar jazoni vatanda o‘tashni so‘radi
Rossiyaning Saxalin oblastida jazo muddatini o‘tayotgan bir guruh o‘zbekistonlik mahbuslar jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tash istagini bildirdi. O‘zbekiston diplomatlari muassasada saqlanayotgan 11 nafar fuqaro bilan uchrashib, ularning yashash sharoitlari va umumiy holatini o‘rgangan.
Uchrashuv davomida mahbuslar Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari vaqti-vaqti bilan harbiy harakatlarda qatnashish evaziga sudlanganlikni bekor qilish va yuqori maosh taklif qilishi haqida ma’lum qilgan. Diplomatlar xorijiy harbiy tuzilmalarda ishtirok etish qonunchilikka zid ekanini eslatgan. Shuningdek, Bosh konsulxona Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mahkumlarni jazoni o‘tash uchun o‘zaro topshirish bo‘yicha kelishuv yo‘qligini bildirgan.
Raqobat qo‘mitasi Qurbon hayiti oldidan savdogarlarni ogohlantirdi
Qurbon hayiti arafasida oziq-ovqat mahsulotlariga talab ortishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlari va hududiy savdo komplekslarini ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini barqaror saqlash bo‘yicha ogohlantirdi.
Qo‘mita savdo tarmoqlariga yetkazib beruvchilar faoliyatini doimiy nazorat qilish, narxlar yoki logistika xarajatlaridagi o‘zgarishlar haqida tezkor axborot berish vazifasini yukladi. Shuningdek, hamkor korxonalarning asossiz narx oshirish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi bo‘yicha ogohlantirish ishlarini kuchaytirish talab qilindi.
Toshkentda yangi pulli magistral yo‘l qurilishi mumkin
Toshkent shahrida transport yuklamasini kamaytirish maqsadida yangi pulli avtomobil yo‘llari qurilishi muhokama qilinmoqda. Toshkent shahar hokimligi va China Railway Construction Corporation o‘rtasidagi uchrashuvda uzunligi qariyb 100 kilometr bo‘lgan halqa shaklidagi pulli yo‘l hamda yangi xalqaro aeroportga olib boruvchi magistral yo‘l loyihalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda shaharni renovatsiya qilish, infratuzilmani modernizatsiyalash va ekologik loyihalar ham muhokama qilingan. Loyihalar transport oqimini qayta taqsimlash va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, hozircha ular muhokama bosqichida turibdi.
«Banklar endi mijozlar uchun raqobatlashadi» — Temur Ishmetov
O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish uchun yangi raqamli platforma ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. U orqali tadbirkorlar bir vaqtning o‘zida bir nechta bankdan taklif olib, eng maqbul variantni tanlay oladi. Markaziy bank raisi Temur Ishmetovga ko‘ra, bu tizimda kreditga layoqatli mijozlarni izlab banklarning o‘zi raqobatlashadi.
Platforma «Elektron hukumat» tizimi bilan integratsiya qilinadi va tadbirkorlarni ortiqcha hujjat yig‘ishdan ozod qiladi. Shuningdek, 2026 yil dekabrdan sun’iy intellektga asoslangan muqobil skoring tizimi joriy qilinib, kredit tarixi yo‘q tadbirkorlarni ham biznes faolligi, to‘lovlar va boshqa raqamli ma’lumotlar orqali baholash imkoni yaratiladi.
Tadbirkorlarga yengillik: soliq chegarasi 5 baravarga oshiriladi
O‘zbekistonda kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tish chegarasi 2026 yil 1-iyundan amaldagi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mgacha oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur takliflarni ma’qulladi. Yangi choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes subyekti uchun o‘sish imkoniyatlarini kengaytirishi va budjetga yiliga kamida 2 trillion so‘m qo‘shimcha tushum keltirishi kutilmoqda.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun QQS to‘lash tartibi soddalashtirilishi rejalashtirilmoqda. Tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6 foizlik QQS to‘lab, foyda solig‘idan ozod etilishi mumkin. Qolaversa, QQSni avtomatik qaytarish, ayrim soliq tekshiruvlarini qisqartirish va ma’muriy bosimni kamaytirish bo‘yicha yengilliklar ham taklif qilingan.





