add

Sadir Japarov ko‘p xotinlikka qarshi qat’iy qaror qabul qildi

Hozirgi kunda Qirg‘izistonda ko‘p xotinlik uchun axloq tuzatish ishlari yoki katta miqdordagi jarima belgilangan.

Sadir Japarov ko‘p xotinlikka qarshi qat’iy qaror qabul qildi
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ikki va undan ko‘p xotinlikni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolamadi, deb xabar bermoqda Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari. Japarov hujjatni e’tirozlar bilan mamlakatning parlamenti – Jogorku Keneshga qaytardi. Gap deputatlar Nurlanbek Azigaliyev va Mederbek Sakkarayev tomonidan taklif etilgan «Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun haqida bormoqda. Parlament uni iyun oyi oxirida ma’qullagan edi. Davlat rahbarining e’tirozlari aqiyqatchi (ombudsman), Bosh prokuratura, Prezident huzuridagi Din ishlari va millatlararo munosabatlar bo‘yicha milliy agentlik, Milliy fanlar akademiyasi, Adliya vazirligi hamda Konstitutsiyaviy sud apparatining xulosalari asosida tayyorlangan. «Ikki yoki ko‘p xotinlik uchun jinoiy javobgarlikni saqlab qolish Qirg‘izistonning xalqaro majburiyatlariga mos keladi. Bu davlatning gender tengligi va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqligini namoyish etadi, ayollar va bolalarni huquqiy hamda ijtimoiy tengsizlikdan himoya qiladi, shuningdek, oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi», - deb ta’kidlangan Japarovning e’tirozida. Qirg‘izistonda amaldagi qonunchilikka ko‘ra, hozirgi kunda ko‘p xotinlik uchun axloq tuzatish ishlari yoki katta miqdordagi jarima belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid