add

Shindzo Abening qotiliga umrbod qamoq jazosi tayinlandi

Bugun 12:102 daqiqa

Sud Yaponiya tarixidagi eng rezonansli va «mislsiz» deb atalgan siyosiy jinoyatlardan biri bo‘yicha hukm chiqardi.

Shindzo Abening qotiliga umrbod qamoq jazosi tayinlandi

Yaponiyaning Nara okrugi sudi sobiq bosh vazir Shindzo Abeni o‘ldirgan Tetsuya Yamagamini umrbod ozodlikdan mahrum qildi. Hukm haqida «Kyodo» agentligi xabar berdi. Ayblov tomoni aynan shu jazo chorasini so‘ragan, himoya taraf esa jazoni 20 yil bilan cheklash kerakligini ta’kidlagan.

Sud qarori Yaponiyada jamoat xavfsizligi va siyosiy zo‘ravonlik masalalariga oid bahslar kuchaygan bir paytda e’lon qilindi. Yamagami aybini tan olgan.

 

Abening o‘ldirilishi

Shindzo Abe Yaponiya hukumatiga 2006–2007 hamda 2012–2020 yillarda rahbarlik qilgan va mamlakat tarixida eng uzoq muddat xizmat qilgan bosh vazir sifatida tanilgan. Hodisa 2022 yil 8-iyul kuni Yaponiyaning g‘arbidagi Nara shahrida, saylovoldi tadbiri paytida sodir bo‘lgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yamagami Abeni muayyan diniy tashkilot bilan bog‘liq deb hisoblagan. Uning aytishicha, onasi ushbu «Birlashuv cherkovi» deb ataluvchi ushbu guruhga 670 ming dollar xayriya qilib, oilani og‘ir moliyaviy ahvolga solib qo‘ygan.

Ayblov xulosasida jinoyat «mamlakatning ikkinchi jahon urushidan keyingi tarixida misli ko‘rilmagan», deya baholandi.

 

Himoya tomoni oqlovi

Himoyachilar Yamagamining shaxsiy fojialari va diniy guruh ta’siri ostida shakllangan hayotini yengillatuvchi holat sifatida ko‘rsatishga urindi. Biroq sud jinoyatning ijtimoiy xavfliligi va oqibatlarini inobatga olib, eng qat’iy jazoni tayinladi.

Hukm Yaponiyada siyosiy xavfsizlik choralari va ommaviy tadbirlarda muhofaza tizimini qayta ko‘rib chiqishga turtki berdi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu ish davlat rahbarlarini himoya qilish standartlarini kuchaytirish va diniy tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni qayta baholash zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Teglar

Mavzuga oid