
Shvetsiya maktablarida mobil telefonlardan foydalanish taqiqlandi
Shvetsiya hukumati 2026 yil kuzidan barcha maktablarda o‘quvchilarning telefonlarini yig‘ib olish va kun oxirigacha qaytarmaslik tartibini joriy etadi.

Shvetsiya hukumati o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash va ta’lim sharoitlarini yaxshilash uchun mamlakatdagi barcha maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Qaror o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash va ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida qabul qilingan. Taqiq 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga taalluqli bo‘lib, barcha sinflarda qo‘llaniladi. Shu bilan birga, o‘quv dasturi, baholash tizimi va o‘qituvchilar tayyorgarligida ham islohotlar amalga oshiriladi.
Ta’lim va integratsiya vaziri Simona Mohamsson bu islohotlarni «so‘nggi 30 yildagi eng yirik o‘zgarishlar» deb atadi. Hukumat taqiqni amalga oshirish uchun 2026 yilda 95 mln kron, keyingi yili esa 100 mln kron ajratishni rejalashtirmoqda.
Shvetsiyada ayrim maktablar allaqachon telefonlarni yig‘ish amaliyotini joriy qilgan edi, ammo o‘quvchilar turli bahonalar bilan tartibdan qochishga uringan. Yangi qonun esa butun mamlakatda yagona qoida sifatida ishlaydi.
Bu chora Yevropa mamlakatlaridagi umumiy tendensiyaning bir qismi hisoblanadi. Daniyada 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga shaxsiy smartfon tavsiya etilmayapti, Norvegiyada ijtimoiy tarmoqlar uchun 15 yoshdan kichiklarga cheklov qo‘yilgan. Niderlandiyada esa telefonsiz dars jarayoni bolalar diqqatini oshirishi va natijalarni yaxshilashini ko‘rsatdi.





