add

Sog‘liqni saqlash tizimida 500 dan ortiq korrupsiyaviy jinoyat aniqlandi

12.07.2025 | 19:0021673

2024 yil davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida mansabni suiiste’mol qilish, pora berish-olish va davlat mablag‘larini talon-toroj qilishga oid 500 dan ortiq jinoyat qayd etildi. Bu holat sohaga ishonchni so‘ndirmoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimida 500 dan ortiq korrupsiyaviy jinoyat aniqlandi
O‘zbekiston Senati xabariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 500 dan ortiq korrupsiyaviy jinoyatlar qayd etilgan. Ularning asosiy qismi mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, pora oldi-berdisi va davlat mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, davlat xaridlari sohasida ham jiddiy qonunbuzarliklar aniqlangan. Tibbiyot muassasalarida raqamlashtirish jarayonlari sekin ketmoqda, kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda va ishga qabul qilishda shaffoflik ta’minlanmayotgani ta’kidlandi. Senat raisi Tanzila Norboyeva ta’kidlashicha, korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazo choralari bilan cheklanmasligi kerak. Unga ko‘ra, tizimda samarali o‘zgarishlarga erishish, jamoatchilik ishonchini tiklash uchun ichki nazorat, ochiqlik va hisobdorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Korrupsiyani qabul qilish xalqaro indeksining 2024 yilgi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 180 davlat orasida 121-o‘rinni egalladi va 100 ballik shkaladan atigi 32 ball to‘pladi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda korrupsiya darajasi yuqoriligini anglatadi. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, aholining ko‘p qismi korrupsiyani mansabni suiiste’mol qilish va qarindosh-urug‘chilik bilan bog‘liq deb biladi. 50 foizdan ziyod respondent uchun korrupsiya aynan shu tushunchalar bilan ifodalangan.

Teglar

Mavzuga oid