Surxondaryoda elektr nega uzildi? Avariya sababi ochiqlandi
Energetika vazirligiga ko‘ra, hozirda viloyatda elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.
© PxhereEnergetika vazirligi Surxondaryo viloyatida elektr ta’minoti to‘liq tiklanganini ma’lum qildi. Soat 14:38 da Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida avariyaviy holat yuzaga kelib, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda elektr uzilishlari kuzatilgan.
Qayd etilishicha, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasining elektr tarmoqlari va podstansiyalarida avariyaga qarshi avtomatika tizimlarining o‘z vaqtida ishga tushib, avariyaning respublika energotizimida kengayib ketishining oldi olingan.
Shuningdek, avariyada qisqa vaqt ichida yo‘qolgan quvvatni qoplashda energiya saqlash tizimlaridagi BESS zaxira energiyasini tarmoqqa tezkor uzatish muhim rol o‘ynagan.
Ta’minotini qisqa vaqt ichida to‘liq tiklash imkonsiz bo‘lgan
Vazirlikka ko‘ra, Surxondaryo elektr ta’minoti asosan ikkita 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i orqali ta’minlanadi. Ulardan biri qo‘shni davlat hududidan, ikkinchisi Qashqadaryo viloyatidan elektr energiyasi yetkazib beradi.
Avariya vaqtida ushbu ikki tarmoqdan birida rejali ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Shu sababli qo‘shni davlat tomonidan elektr energiyasi keladigan tarmoqda uzilish yuzaga kelishi viloyat elektr ta’minotini qisqa vaqt ichida to‘liq qayta tiklash imkonini cheklagan.
«Olib borilgan tezkor choralar natijasida rejali ta’mirlashda bo‘lgan 500 kVli elektr uzatish tarmog‘i xavfsizlik talablariga muvofiq ishga tayyor holatga keltirilib, qayta ishga tushirildi. Buning natijasida Surxondaryo viloyatida elektr ta’minoti bosqichma-bosqich to‘liq tiklandi», — deyiladi xabarda.





