Chexiya bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistonga keldi

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelib, ikki tomonlama savdo, investitsiya va sanoat hamkorligini kengaytirishga qaratilgan muzokaralarni boshladi.

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistonga keldi © Uza.uz

29-aprel kuni Chexiya bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Oliy martabali mehmonni «Toshkent-Humo» xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tashrif dasturi doirasida Andrey Babish «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. U yerda mehmonga mamlakat tarixi, ajdodlar merosi va taraqqiyot ramzlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida O‘zbekiston va Chexiya ishbilarmon doiralari ishtirokida qo‘shma biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlatning yirik sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari va moliyaviy tashkilotlari vakillari qatnashdi. Chexiya delegatsiyasi tarkibidan mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika va transport-logistika sohalarida faoliyat yurituvchi 50 dan ortiq kompaniya rahbarlari o‘rin oldi.

So‘nggi sakkiz yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshgani qayd etildi. Ayni paytda O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokidagi 36 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Sanoat va energetika

Muzokaralarda mis va boshqa rangli metallarni qazib olish, ularni chuqur qayta ishlash, gidroelektr stansiyalar qurish hamda kogeneratsiya uskunalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kimyo va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar IT-parklar imkoniyatlaridan foydalanib, uchinchi davlatlar bozori uchun raqamli mahsulotlar ishlab chiqish istiqbollariga ham e’tibor qaratdi.

Yangi kelishuvlar

Tashrif yakunida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjat va bitimlar imzolandi. Andrey Babish shuningdek Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, noyob tarixiy eksponatlar bilan tanishdi.

30-aprel kuni oliy darajadagi muzokaralar davom etadi. Unda savdo hajmini oshirish, «yashil» energetika, mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, transport, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid