«UzAuto Motors»dan «O‘zbektelekom»gacha: O‘zbekistonda qanday IPOlar bo‘lib o‘tgan?
Bugun rasmiy ravishda Milliy investitsiya jamg‘armasi 30 foizining IPOsi boshlandi. Aksiyalar London va Toshkentda ikki tomonlama ommaviy chiqariladi. Vaqt.uz shu o‘rinda O‘zbekistonda o‘tkazilgan IPOlarni eslatdi.

Bugun, 29-aprel kuni O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlarni (GDR) birlamchi ommaviy joylashtirish — IPO boshlanganini e’lon qildi. IPO London va Toshkentda ikki tomonlama, «dual listing» ko‘rinishida o‘tkaziladi.
Taklif narxi bir GDR uchun 25 dollar, bir aksiya uchun esa 4,65 so‘m etib belgilangan. Har bir GDR 64 700 ta aksiyaga teng. O‘zbekistondagi jismoniy shaxslar uchun har bir aksiyaga 5 foiz chegirma qo‘llaniladi va 4,41 so‘mdan taklif qilinadi.
GDRlar bo‘yicha London fond birjasida shartli savdolar 2026-yil 13-mayda, to‘liq savdolar esa 18-mayda boshlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mazkur sanada aksiyalar savdosining «Toshkent» Respublika fond birjasida ham boshlanishi kutilmoqda.
Hukumat Milliy investitsiya jamg‘armasi IPOsini o‘tkazishga uzoq vaqtdan beri harakat qilib keladi. Dastlabki bosqichda jamg‘armaning 30 foiz ulushini IPOga chiqarish qaror qilingan.
Jamg‘arma boshqaruvi Franklin Tempelton’ga berilgan bo‘lib, dastlab uning tarkibi 16 ta kompaniya, jumladan 3 ta davlat banki — «Xalq banki», «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» bilan shakllantirilgan edi.
O‘sha paytda Bloomberg jamg‘armani 1,68 mlrd dollar atrofida baholagandi. Agentlik London va Toshkentda o‘tkaziladigan IPO O‘zbekiston uchun ham, London fond birjasi uchun foydali bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

Keyinchalik Milliy investitsiya jamg‘armasi jozibadorligini oshirish maqsadida uchta davlat banki o‘rniga boshqa bir davlat banki — SQB qo‘shildi. Banklardan tashqari «Navoiyazot»ning 25 foizi ham jamg‘arma tarkibidan chiqarilgan.
Jamg‘arma portfelidagi aksiyalar IPO boshlangunga qadar 2,4 mlrd dollar atrofida baholanayotgan edi. Biroq, aksiyalar narxi e’lon qilingach jamg‘arma kapitallashuvi taxminan 1,95 mlrd dollarga baholanayotgani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekistonda qanday IPOlar bo‘lgan?
Milliy investitsiya jamg‘armasi O‘zbekiston tarixidagi oltinchi IPOga aylandi. 2023-yilda bir yo‘la uchta IPO o‘tkazilgandan beri mamlakatda bunday investitsion jarayon hali bo‘lmagandi.

O‘zbekiston tarixida ilk IPO 2018-yilda «Kvarts» tomonidan o‘tkazilgandi. O‘shanda shisha ishlab chiqaruvchi kompaniyaning 4,5 milliondan ortiq aksiyalari sotuvga qo‘yilgan bo‘lsa, ulardan 54 foizi sotilgan. Bu kompaniyaga 7,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ olib kelgan.
2020-yilga kelib «Jizzax Plastmassa» ham ustav kapitalining 25 foizini IPOga chiqardi. Bu uchun «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi kompaniya 1 140 246 dona qo‘shimcha aksiya chiqarishiga to‘g‘ri kelgandi.
O‘zbekiston uchun uchinchi IPO esa 2023-yilda UzAuto Motors kompaniyasiga to‘g‘ri keldi. Bu IPO avvalgi ikkitasidan farqli ravishda uzoq vaqt rejalashtirildi va keng ko‘lamda amalga oshirilishi kerak edi.
Boshida UzAuto Motors aksiyalar paketining 10 foizgacha qismini mahalliy fond bozorida ommaviy joylashtirish reja qilingandi. Keyinchalik IPOga chiqariladigan aksiyalar paketi 5 foizga, yakunda esa 1 foizgacha qisqartirildi.
IPO oxiriga kelib avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyaning ommaviy chiqarilgan aksiyalarining 29,1 foizigina sotildi. Jalb qilingan mablag‘ miqdori kutilganidan uch barobar kam — 56,9 mlrd so‘mni tashkil qildi.
UzAuto Motors’ning omadsiz IPOsidan keyin ko‘pchilik tahlilchilar O‘zbekistonda yirik IPO amalga oshirishga hali vaqtli ekanini ta’kidladi. Keyingi IPOlar ham omadsiz yakunlanishi bo‘yicha xavotirlar kuchaygandi.
Biroq, «O‘zbektelekom» va «O‘zbekinvest» tomonidan 2023-yilda aksiyalarning keyingi ommaviy chiqarilishi nisbatan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
«O‘zbektelekom» chakana investorlarni jalb qilishda muhim rol o‘ynadi. Kompaniya aksiyalarini sotib olish uchun 11 mingga yaqin ariza kelib tushgandi. Oddiy aksiyalarni joylashtirish kompaniyaga 33,25 mlrd so‘m (2,7 mln dollar) olib kelgandi.
«O‘zbekinvest» sug‘urta kompaniyasining natijalari esa biroz kamtarroq bo‘lgandi. IPO yakuniga ko‘ra arizalar kitobi 128,45 foizga imzolanib, 14,1 mlrd so‘m (1,14 mln dollar) mablag‘ jalb qilishga erishilgandi.
Bundan tashqari, mamlakat tarixida bir qancha SPOlar (Secondary public offering — aksiyalarning ikkilamchi chiqarilishi) ham o‘tkazilgan. Ulardan eng oxirgisi «OʻzRTXB» SPOsi bo‘lib, 42,9 mlrd so‘m jalb qilishga muvaffaq bo‘lgandi.
Kelajak IPOlar
O‘zbekiston hukumati Milliy investitsiya jamg‘armasi IPOsidan so‘ng eng yirik soliq to‘lovchi kompaniya «NKMK»ning ham IPOsini o‘tkazishi kutilmoqda.
Bloomberg kompaniya kapitallashuvini qarzlar bilan birgalikda taxminan 20 mlrd dollarga baholab, 2026-yilda aksiyalarning ilk ommaviy chiqarilishi reja qilinayotgani haqida yozgandi.
Biroq, bu ko‘p tomonlama jamg‘arma IPOsiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi. Natija yaxshi bo‘ladigan bo‘lsa, bu keyingi rejalarga turtki beradi.
Yana bir yirik soliq to‘lovchilardan biri «OKMK» bo‘lib, uning IPOsi 2027-yilning I yarmiga reja qilingan. Ochiq bozorga kompaniya aksiyalarining 10–15 foiz qismini chiqarish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, bir qancha xususiy kompaniyalar ham IPO o‘tkazish jarayonlarini boshlab yuborgan.

Raqamli ekotizim — Uzum ham o‘zining bo‘lajak IPOsi uchun asosiy maydonlardan biri sifatida Londonni ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, kompaniya Nasdaq, Abu-Dabi va Gonkong birjalarini ham ehtimoliy variantlar qatoriga kiritgan. Joylashtirish 2027-yilga mo‘ljallanmoqda.
«Korzinka» supermarketlar tarmog‘i asoschisi va kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov ham kompaniyada IPO masalasi kun tartibida ekanini tasdiqlagan. Biroq, joylashtirish muddati hozircha aniq belgilanmagan.
Shu bilan birga, Centrum Holding tarkibiga kiruvchi aviatsiya va logistika kompaniyalari guruhi 2026-yil oxirigacha xalqaro bozorga chiqishni rejalashtirmoqda. Kompaniya IPOni xalqaro moliyaviy institutlar hamkorligida o‘tkazishni ko‘zlamoqda.
Reja bo‘yicha O‘zbekistonda shu paytga qadar bir qancha IPOlar o‘tkazilgan bo‘lishi kerak edi. Biroq, bozorning hali tayyor emasligi, global sharoitlar bunga to‘sqinlik qilmoqda.
Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO natijalari esa mamlakat uchun muhim bo‘lib, kelgusi qadamlar qanday bo‘lishini belgilab beradi.