
TIV AQSHdagi yurtdoshlarimizni namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi
10.06.2025 | 12:4536052
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tayotgan norozilik namoyishlari yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, go‘yoki ayrim o‘zbekistonliklar ushbu namoyishlarda qatnashgani haqidagi xabarlar bo‘yicha hozircha rasmiy tasdiqlangan ma’lumot mavjud emasligini ma’lum qildi

Shu bilan birga, TIV AQSHdagi barcha fuqarolarni ushbu mamlakat qonun-qoidalariga qat’iy rioya etishga va jamoat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi.
Vazirlik ta’kidlashicha, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi. Zarur hollarda fuqarolar Vashingtondagi elchixona yoki Los-Anjelesdagi bosh konsulxonaga murojaat qilishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, Los-Anjelesdagi namoyishlar 6 iyun kuni AQSH Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) tomonidan o‘tkazilgan reydlardan so‘ng boshlangan. Namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan, 44 kishi qo‘lga olingan. Keyingi kunlarda esa norozilik harakatlari shaharning boshqa tumanlariga, jumladan, lotin amerikaliklar yashovchi Paramaunt hududiga ham tarqalgan.





