Toshkentda 3 yoshli o‘g‘lini muttasil qiynab kelgan onaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
U bolaga uxlatuvchi dori vositasini ichirib, uni doimiy ravishda qarovsiz va parvarishsiz qoldirgan.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 3 yoshli o‘g‘lini muntazam ravishda qiynab, unga uxlatuvchi dori berib kelgan onaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bolaga himoya orderi rasmiylashtirilib, onani onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha sudga hujjatlar tayyorlanmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar qo‘shnisi bo‘lgan 1989 yilda tug‘ilgan A.T. ismli ayolning o‘z farzandiga nisbatan shafqatsiz munosabati ustidan shikoyat qilgan.
Murojaatchilarning bildirishicha, ona 2023 yilda tug‘ilgan o‘g‘li A.I.ga nisbatan muntazam jismoniy zo‘ravonlik ishlatib kelgan. Shuningdek, u bolaga uxlatuvchi dori vositasini ichirib, uni doimiy ravishda qarovsiz va parvarishsiz qoldirgan.
Jinoiy ish va bolaning holati
Bolalar ombudsmanining rasmiy so‘rovi asosida mazkur holat Ichki ishlar organlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan o‘rganildi.
Tekshiruvlar natijasida bolaga nisbatan sodir etilgan muttasil tazyiq va qiynash xatti-harakatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi («Qiynash») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda bolaga himoya orderi rasmiylashtirildi.
«Hozirda voyaga yetmagan A.I.ning salomatligini tiklash yuzasidan barcha zaruriy tibbiy muolajalar ko‘rsatilib, bolaning sog‘lig‘i barqaror yaxshi holatda», — deyiladi rasmiy xabarda.
Shuningdek, tuman vasiylik organi tomonidan bolaning qonuniy manfaatlariga mos ravishda vaqtincha vasiylik ta’minlangan. Hozirda uning onasi A.T.ni o‘z ota-onalik majburiyatini bajarmaganligi tufayli onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha sudga tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda.
Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan bolaning xavfsiz va sog‘lom muhitda yashashini ta’minlash maqsadida o‘z kuzatuvini davom ettirishini ma’lum qilgan.





