add

Toshkentda avtobus va mikroavtobus botib qoldi, qutqarishga kelgan ekskavator ag‘darilib ketgan

15.09.2025 | 21:0039003

Rasmiy tashkilotlar avtobus haqida ma’lumot berishdi, ammo mikroavtobus va ekskavator bilan bog‘liq holat haqida alohida ma’lumot berilmagan.

Toshkentda avtobus va mikroavtobus botib qoldi, qutqarishga kelgan ekskavator ag‘darilib ketgan
Bugun, 15 sentyabr kuni Toshkent shahrining Gulsanam ko‘chasida yo‘l cho‘kishi sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda MAN rusumli avtobus va mikroavtobus yerga botib qolgani aks etgan. Ularni chiqarish uchun kelgan ekskavator ham ag‘darilib ketgani tasvirlangan videolar ham bor. «Toshshahartransxizmat» AJ matbuot xizmatiga ko‘ra, hodisa 101-sonli yo‘nalishda harakatlangan avtobus bilan bog‘liq. Soat 05:40 da u TTZ bozori bekatiga to‘xtagan paytda ilgari suv quvurlari o‘tkazilgan qismida yo‘l cho‘kib, transport vositasining o‘ng tomoni yerga botib qolgan. Avtobus 10:10 da cho‘kish joyidan chiqarilgan. Hodisa paytida yo‘lovchilar jabrlanmagan. Avtobus ta’mirlanib, sanitar ishlovdan so‘ng yana yo‘nalishga chiqarilgan. «Toshkent shahar suv ta’minoti» esa mazkur hududda 400 millimetrli quvur yangilanishi olib borilayotganini ma’lum qildi. «Qurilish hududiga yaqin joydan o‘tgan tarmoqda yuzaga kelgan nosozlikdan sizib chiqqan suv ko‘milgan chuqurlarning tuproq qismi keskin cho‘kishiga sabab bo‘lgan. Transport vositalari ana shu chuqurga bir tarafi bilan tushib qolgan», - deyiladi xabarda. Rasmiy ma’lumotlarda mikroavtobus va ekskavator bilan bog‘liq holat haqida alohida ma’lumot berilmagan. Tuman hokimligi hodisa haqida keyinroq batafsil ma’lumot berilishini qayd etgan.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda avtobus va mikroavtobus botib qoldi, qutqarishga kelgan ekskavator ag‘darilib ketgan | Vaqt.uz