Toshkentdagi ayrim shifoxonalar xavfli tibbiyot chiqindilarini axlatga aralashtirgani aniqlandi
Ayrim muassasalarda xavfli chiqindilar noqonuniy ravishda maishiy chiqindilar bilan aralashtirilib, poligonlarga yoki belgilanmagan joylarga tashlangan.

Toshkent shahridagi ayrim tibbiyot muassasalari xavfli chiqindilarni maishiy chiqindilar bilan aralashtirib, poligonlar yoki belgilanmagan joylarga tashlagan. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki olti oyida poytaxtda jami 3 239,05 m³ tibbiyot chiqindisi olib chiqilgan. Ularning katta qismi bir nechta yirik shifoxona hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Poytaxtda eng ko‘p chiqindi chiqargan muassasalar qatoriga 16-sonli klinik shifoxonasi (1795,40 m³), 3-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi (445,44 m³) va Virusologiya ITI klinikasi (382 m³) kirdi.
Shuningdek, respublika bolalar ftiziatriya va tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazi, dermatovenerologiya va kosmetologiya markazi Toshkent shahri filiali, 1-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda teri-tanosil kasalliklari shifoxonasida xizmatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilmagan.
Utilizatsiyadagi muammolar
Muammoning yana bir tomoni mavjud utilizatsiya quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayotganidir. 2024-yil 17-iyuldagi 263-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida AQSHning «SAYAR LLC» kompaniyasi tomonidan «Sayar green» xorijiy korxonasi ta’sis etilib, umumiy qiymati 115 mln AQSH dollari bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Biroq tibbiyot muassasalari xavfli chiqindilarni investorga yetkazmayotgani sababli mexanizm to‘liq ishlamayapti.
Toshkentda o‘rnatilgan ikki uskunaning umumiy kunlik quvvati 12 tonnani tashkil etadi. Biroq amalda ularga kuniga atigi 3 tonna chiqindi yetkazib berilmoqda. Natijada majmualar 25 foiz quvvatda ishlayapti.
Agentlikka ko‘ra, huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha mas’ullarga tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, Maxsus komissiya hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bu kabi nazorat tadbirlari butun respublika bo‘yicha o‘tkazilmoqda.





