add

Trampning Zelenskiyga sherik bo‘lib AQSHga kelayotgan Yevropa yetakchilari bilan munosabati qanday?

Bugun bir nechta yevropalik yetakchilar Vashingtonga yo‘l oladi — ular Vladimir Zelenskiyni Donald Tramp bilan uchrashuvida qo‘llab-quvvatlamoqchi.

Trampning Zelenskiyga sherik bo‘lib AQSHga kelayotgan Yevropa yetakchilari bilan munosabati qanday?
Biroq ular Tramp qarorlariga qay darajada ta’sir o‘tkaza olishi ko‘p jihatdan Trampning shaxsan ularga bo‘lgan munosabatiga bog‘liq. Xo‘sh, bu shaxsiy munosabatlar qay darajada? Kiyr Starmer, Buyuk Britaniya bosh vaziri. «Menga sizlarning yangi bosh vazirlaring juda yoqyapti», — degandi Tramp iyul oyida Shotlandiyaga safari chog‘ida. Shuningdek, u Britaniya bilan «alohida munosabatlar»ni ta’kidlagan edi. Jorjia Meloni, Italiya bosh vaziri. «Fantastik ayol», — degan Tramp u haqda. U yanvarda Trampning inauguratsiyasida ishtirok etgan yagona yevropalik yetakchi bo‘ldi. Ikkisini ham migrantlarga nisbatan tanqidiy munosabat va o‘ng ijtimoiy qarashlar birlashtiradi. Fridrix Mers, Germaniya kansleri. Kansler lavozimiga kelganidan keyin deyarli ilk ishlaridan biri sifatida Tramp bilan uchrashuvga borgan. U Trampni maftun etishga muvaffaq bo‘ldi — unga bobosining Bavariyada tug‘ilgani haqidagi guvohnomani sovg‘a qilgan va «nemislar amerikaliklardan qarzdor», degan. Uchrashuvdan so‘ng Tramp ikkisi «do‘st» ekanini aytgan va har ikkisi sobiq kansler Angela Merkelni xush ko‘rmasligini urg‘ulagan. Aleksandr Stubb, Finlyandiya prezidenti. Bu yetakchilar orasida Tramp bilan uning Floridadagi golf maydonida o‘ynagan yagonasi. Emmanuel Makron, Fransiya prezidenti. Trampning ilk prezidentlik davrida u bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va hozir ham uni maqtashda davom etmoqda. Tramp ba’zan Makron bilan hazillashadi, biroq yaqinda Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda fransuz rahbarini «mening tanishlarim orasida alohida o‘ringa ega», deb ta’rifladi. Mark Ryutte, NATO bosh kotibi. Tramp haqida shunchalik xushomad bilan fikr bildirganki, Tramp uning «azizim Donaldga» deb boshlangan maktubini ijtimoiy tarmoqda jamoatchilikka ham ko‘rsatdi. Ursula fon der Lyayen, Yevropa komissiyasi rahbari. Tramp bilan tarif muzokaralari davomida Yevropa Ittifoqining «taslim bo‘lish yuzi» sifatida tanilgan. Tramp haqida qattiq tanqidlardan tiyiladi. Mamlakat rahbari bo‘lmagani bois, Tramp uni deyarli e’tiborga olmaydi, biroq oxirgi uchrashuvda «biz uni juda hurmat qilamiz», degan.

Bu orada Yevropa yetakchilari Ukrainaga harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlashni tasdiqlashdi.

Britaniya hukumati saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, «Qat’iyatlilar koalitsiyasi» deb nomlangan davlatlar guruhi Ukrainaga uzluksiz yordam ko‘rsatish va tinchlik jarayonida faol ishtirok etish niyatini tasdiqladi. Koalitsiya a’zolari bu tashabbus haqida AQSH prezidenti Donald Trampning Alyaskada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvidan keyingi muzokaralarda fikr almashgan.

Bayonotda qayd etilishicha, Trampning Ukraina xavfsizligi uchun kafolatlar berish borasidagi qat’iy pozitsiyasi yuqori baholandi. Shu bilan birga, koalitsiya Ukrainadagi tinchlik o‘rnatilgandan so‘ng ko‘p millatli xavfsizlik kuchlarini joylashtirish, mamlakatning havo va dengiz hududini muhofaza qilish hamda Ukraina qurolli kuchlarini tiklash jarayonida muhim rol o‘ynaydi.

Yevropa yetakchilari o‘z pozitsiyalarini yana bir bor aniq bayon qilib, Ukraina himoyasi va uning xavfsiz kelajagi uchun qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligini bildirdi. Ular harbiy harakatlar to‘xtagandan keyin mamlakatning barqarorligi va himoya tizimini mustahkamlash jarayonida hamkorlik qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, Yevropa davlatlari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning adolatli va barqaror tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Eslatib o‘tamiz, Zelenskiy bugun Vashingtonda AQSH rahbari bilan uchrashib, urushni yakunlashning asosiy jihatlarini muhokama qiladi.

Teglar

Mavzuga oid