add

«Tugamagan ishlarni muhokama qilmaylik». Alisher Usmonov qamoqqa olingan sudyalar haqida

Kecha 20:273 daqiqa

Akmal Shukurovning ozod qilinishi ortidan qamoqqa olingan sudyalar ishi hali tegrov qilinmoqda. Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari ish bo‘yicha hozircha izoh bermasligini aytdi.

«Tugamagan ishlarni muhokama qilmaylik».  Alisher Usmonov qamoqqa olingan sudyalar haqida

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktabrdagi hukmi bilan 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Akmal Shukurovning 2025 yil 9-dekabrda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasida ozodlikka chiqarib yuborilgani ortidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha 3 nafar sudyasi va Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgandi. Keyinchalik Bosh prokuratura ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Bugun, 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida o‘tayotgan matbuot anjumanida rasmiylardan mazkur holat bo‘yicha izoh so‘raldi.

«Hozir endi men mana shu jinoyat ishlar sohasidagi eng katta mansabdor shaxs bo‘lib turib fikr bildirsam, bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki tergov obyektivligiga, ertaga qolaversa, agar bu ish sudga oshirilsa, sudning xolisligiga ta’sir qilishi mumkin. Keling, ozgina sabr qilaylik. Tergov harakatlari yakunlansin, sud o‘zining bahosini bersin, ana undan keyin gaplashsak to‘g‘ri bo‘ladi», – dedi Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari – Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Alisher Usmonov.

Shuningdek, u jamoatchilik ko‘rilayotgan yoki tergov ketayotgan ishlarni muhokama qilayotgani, bundan turli fikrlar shakillanayotgani va bu tergovga ham, sudga ham bosim bo‘lishini aytdi.

«Shuning uchun, kelinglar, hammamiz qonunga bo‘ysunib, tergov bo‘layotgan, hali, aytaylik, sud yakunlanib bir xulosaga kelmagan, hali kuchga kirmagan bir voqealar bo‘yicha bir fikr yuritishda ehtiyot bo‘laylik», – dedi Alisher Usmonov.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Toshkent shahar sudi raisi sobiq o‘rinbosari Murodjon Mirzajonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-modda 2-qismi, 236-modda 2-qismi bilan hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muxtarama Turgunovalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-modda 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, A.Shukurov juda ko‘p miqdorda o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish, bezorilik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlarini sodir etgani yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi A.Shukurov yuqoridagi hukmdan norozi bo‘lib, sudga qilgan apellyatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasining sudyalari O.Ilhomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar tomonidan ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirish, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirish to‘g‘risidagi xulosaga kelishgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari M.Mirzajonov mansab mavqeidan foydalangan holda, ishni har tomondan, to‘la va xolisona ko‘rilishiga to‘sqinlik qilib, sud ishlariga aralashib, sudyalarga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazishi oqibatida, sudyalar O.Ilhomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar uning topshirig‘i noqonuniy ekanini oldindan bila turib, odil sudlovni amalga oshirish va qaror qabul qilishda mustaqil bo‘lsalar-da, javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga amal qilmasdan, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, qamoq ehtiyot chorasi bekor qilingan holda, jazoni uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklashga almashtirib, uni sud zalidan qamoqdan ozod etib, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan noqonuniy va adolatsiz ajrim chiqarishgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida shahar sudi raisi sobiq o‘rinbosari M.Mirzajonov hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari O.Ilhomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahar prokuraturasi protesti asosida A.Shukurovga oid ish shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish ish instansiyasida ko‘rilib, tegishli ajrim bilan protest qanoatlantirilgan va birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilib, apellyatsiya instansiyasining ajrimi bekor qilinib, A.Shukurovga 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va sud zalidan qamoqqa olinib, unga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan.

Teglar

Mavzuga oid