add

Turkiyada yirik binolarda 2026 yildan suv yig‘ish tizimi o‘rnatish majburiy bo‘ladi

03.12.2025 | 16:251552 daqiqa

Turkiya 2026 yildan yomg‘ir suvini yig‘ish va «oqova suv» qayta ishlash tizimlarini yirik xususiy va davlat binolarida majburiy joriy etmoqda, bu orqali millionlab metr kub suv tejaladi.

Turkiyada yirik binolarda 2026 yildan suv yig‘ish tizimi o‘rnatish majburiy bo‘ladi

Turkiya Qurilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan qabul qilingan yangi tartibga ko‘ra, 2026 yil 1-yanvardan boshlab yirik hajmdagi xususiy va davlat binolarida yomg‘ir suvini yig‘ish va qayta ishlash tizimlari majburiy tarzda o‘rnatiladi. Bu talab «Rejali hududlar qurilish me’yorlari»ga kiritilgan o‘zgarishlar asosida amalga oshiriladi, deb yozmoqda Sozcu nashri.

Yo‘riqnomaga muvofiq, 7 metr kubdan ortiq suv saqlash hajmiga ega inshootlar, yer maydoni 2 ming metr kvadratdan yuqori bo‘lgan loyihalar, shuningdek qurilish osti maydoni 1000 metr kvadratdan ko‘p bo‘lgan xususiy va barcha davlat binolarida yomg‘ir suvi yig‘uvchi maxsus tizim o‘rnatiladi. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bu orqali yiliga 6,2 mln metr kub suv tejash mumkin bo‘ladi. Tozalangan suv bog‘ sug‘orish va hojatxona rezervuarlarida ishlatiladi.

«Oqova suv» tizimlari ham yangi tartibda alohida talab qilinadi. Qarorga muvofiq, 200 o‘rindan ortiq mehmonxonalar, 10 ming metr kvadratdan katta savdo markazlari va 30 ming metr kvadratdan yuqori davlat binolarida dush, vanna va yuvinish joylaridan chiqqan suv tozalanib, faqat hojatxona rezervuarlarida ishlatilishi shart. Bu tizim orqali yillik 4 mln metr kubga yaqin suv tejalishi kutilayapti.

Qoidalarga ko‘ra, suv saqlash baklari asosan orqa va yon hovlilarda yer ostiga joylashtiriladi, old hovlidagi baklar esa yo‘ldan kamida 2 metr uzoqlikda bo‘lishi kerak. Yomg‘ir suvini yig‘ish hajmi har bir binoda yerning tuzilishi va hududning yillik yog‘ingarchilik o‘rtachasidan kelib chiqib belgilanadi. «Oqova suv» baklari esa foydalaniladigan suvning kamida yarmini qoplashi lozim.

Bunday tizimlar jahonda keng qo‘llanilmoqda. Germaniyada ularni o‘rnatgan xonadonlar uchun suv to‘lovlarida chegirma beriladi, Angliya ilk yilda soliq imtiyozlari taklif qiladi. Yaponiyada 30 ming kvadrat metrdan katta binolarda bu talab majburiy, Hindistonning Nyu Dehli shahrida esa 100 metr kvadratdan ortiq barcha binolarda yomg‘ir suvi tizimi shart qilib qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid