add

Yaponiyada 10 ming o‘zbekistonlikni ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi

O‘zbekiston va Yaponiya besh yil ichida 10 ming nafar o‘zbekistonlik fuqaroni Yaponiyada rasman ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Buning uchun maxsus tayyorlov kurslari va raqamli platforma yo‘lga qo‘yiladi.

Yaponiyada 10 ming o‘zbekistonlikni ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Yaponiyaning JCAEMCE tashkiloti o‘rtasida 10 ming o‘zbekistonlikni Yaponiyada ishga joylashtirishga oid kelishuv imzolandi. Ushbu kelishuv kelasi besh yil mobaynida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Kelishuv doirasida Toshkent, Samarqand va Namangan viloyatlarida «Yapon Mahorat Nuri» nomli maxsus kurslar tashkil etiladi. Bu kurslarda ishtirokchilar yapon tili va zarur kasbiy ko‘nikmalarni o‘rganib, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirish orqali Yaponiyada ishlash imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, 2025 yil iyundan boshlab WiseBridge nomli raqamli platforma ishga tushiriladi. Bu orqali ish izlovchilar Yaponiya ish beruvchilari bilan bevosita muloqot qilib, kerakli hujjatlarni mustaqil ravishda rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Agentlik barcha qiziquvchilarni 71−202−33−55 (ichki raqam 545) telefoni orqali batafsil ma’lumot va maslahat olish uchun murojaat qilishga chaqirmoqda.

O‘zbek delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi chog‘ida vizalarni soddalashtirish, migratsiya jarayonlarini raqamlashtirish va ruxsatnomalarni olish muddatlarini qisqartirish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar o‘zbekistonlik ishchilarning huquqiy himoyasini ta’minlash va noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish yuzasidan kelishuvlarga erishdi.

Yaponiya adliya vaziri Keysuke Sudzuki ushbu tashabbus orqali o‘zbekistonliklar qonuniy va xavfsiz mehnat qilish, yuqori madaniyatli ish muhitida tajriba orttirish va o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etish imkoniga ega bo‘lishlarini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid