Yevropa Tojikistonning uchta bankini «qora ro‘yxat»dan chiqardi
Banklar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda moliyaviy operatsiyalarga aloqadorlikda ayblangan edi.
© bankruptcy-ua.comYevrokomissiya (YeK) Tojikistonning uchta banki – «Spitamen Bank», «Dushanbe Siti Bank» va «Kommersbank Tadjikistana»ni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda Tojikiston Milliy banki matbuot xizmati ma’lum qildi.
Regulyator aniqlashtirishicha, bu qaror Tojikiston va Yevropa hamkorlari o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng qabul qilingan.
«Ushbu qadam (Tojikiston) bank tizimining kelgusidagi rivojiga kuchli turtki beradi», – deyiladi mamlakat Milliy banki bayonotida.
Regulyator Yevroittifoq qarorini mamlakat vazirliklari va banklarining YeK bilan munosabatlari rivojlanishi natijasi sifatida baholagan.
Banklar nega «qora ro‘yxat»da bo‘lgan?
Yevroittifoq Tojikiston kredit tashkilotlarini Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketi doirasida kiritgan edi. Banklar Rossiya iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy o‘tkazmalarni amalga oshirish orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berganlikda ayblangan. Regulyator Milliy bank jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash tizimini kuchaytirib borayotganini ta’kidlagan.
Yevrokengash Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini 23-aprel kuni tasdiqladi. Unga uchta port, 46 ta tanker, bir nechta kriptovalyuta platformalari, shuningdek, Rossiya harbiy sanoat kompleksi bilan bog‘liq 58 nafar jismoniy shaxs va kompaniyalar kiritilgan.
O‘zbekistondagi ikki kompaniyaga sanksiya
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi ikki kompaniya – «Raw Materials Cellulose» va «Farg‘ona kimyo zavodi»ga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Qarorda ushbu korxonalarning Rossiya harbiy-sanoat kompleksi bilan ehtimoliy aloqalari qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona kimyo zavodi paxta sellyulozasi ishlab chiqaradi. Ushbu mahsulot Rossiyadagi «Perm porox» va «Qozon porox» zavodlariga yetkazib beriladi. Mazkur korxonalar sellyulozadan porox va boshqa harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanishi ta’kidlanmoqda. YI bayonotida aytilishicha, zavod harbiy texnologiyalar ta’minoti zanjirida ishtirok etish orqali Rossiyaning harbiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Shu bois, uni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishga qaror qilingan.
Manbalarga ko‘ra, Farg‘ona kimyo zavodi tadbirkor Rustam Mo‘minov nazoratida. U avvalroq, 2025-yil oktabr oyidayoq YI tomonidan sanksiyalangan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
«Raw Materials Cellulose» kompaniyasi ham paxta sellyulozasi ishlab chiqaradi va uni Rossiyadagi harbiy korxonalarga, jumladan «Tambov porox» zavodiga yetkazib beradi. Bu mahsulot porox ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Shu sababli YI mazkur kompaniyani ham sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi. Qayd etilishicha, ushbu korxonalarga avvalroq Buyuk Britaniya va Ukraina tomonidan ham cheklovlar joriy etilgan.
Qirg‘izistonga sanksiya
Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonga nisbatan sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi kurashish mexanizmini (anti-circumvention tool) qo‘lladi. Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, endi Qirg‘izistonga raqamli dastur asosida boshqariladigan dastgohlar, shuningdek, marshrutizator va kommutatorlar kabi telekommunikatsiya uskunalarini eksport qilish butunlay taqiqlanadi. Bu qaror mazkur tovarlarning Qirg‘iziston orqali Rossiyaga reeksport qilinish xavfi yuqori ekani bilan izohlanmoqda.
Ukrainada urush boshlanganidan beri Qirg‘iziston Yevropadan kelayotgan sanksiya ostidagi tovarlar uchun asosiy xablardan biriga aylangan edi. Tahlillarga ko‘ra, Estoniyadan Qirg‘izistonga eksport hajmi 10000 foizga, Finlyandiyadan 3100 foizga, Polsha va Germaniyadan esa 1000 foizdan ko‘proqqa oshgan. Iqtisodchilarning fikricha, Qirg‘iziston aslida Rossiyaga yo‘naltirilgan Yevropa eksportining bosh manziliga aylanib qolgan.
Sanksiyalar nafaqat tovarlar eksportini, balki moliyaviy tizimni ham qamrab oldi. Xususan, Bishkekda ro‘yxatdan o‘tgan «TengriCoin» yopiq aksiyadorlik jamiyati Yevropaning «qora ro‘yxati»ga kiritildi. Ushbu kompaniya orqali sanksiyalarni aylanib o‘tib transchegaraviy hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xizmat qiluvchi, rublga bog‘langan A7A5 steyblkoini savdosi olib borilgan. 2026-yil boshiga kelib ushbu instrumentning aylanmasi 100 mlrd dollarga yetgan.
Shuningdek, Qirg‘izistonning ikkita yirik banki – «Keremet Bank» va «Kapital Bank» ham Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga duch keldi.
Ta’kidlash joizki, YI sanksiyalarining 20-paketi faqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan cheklanib qolmadi. Unga Qozog‘iston, Xitoy, Belarus, Turkiya va BAA kompaniyalari ham kiritilgan. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning «soya floti»ga tegishli 46 ta tanker, 12 ta neftni qayta ishlash zavodi va 20 ta yirik bankiga nisbatan ham qat’iy cheklovlar o‘rnatdi.





