Ilon Mask sobiq «Twitter»ga bog‘langan «Xchat» messenjerini ishga tushirdi

Bugun 08:552 daqiqa

Ilon Maskning «X» (sobiq «Twitter») ijtimoiy tarmog‘i alohida «Xchat» messenjerini rasman ommaga taqdim etdi. Yangi ilova xavfsizlikning yuqori darajasi va «hamma narsa uchun yagona ilova» konsepsiyasidan voz kechilgani bilan diqqatni tortmoqda.

Ilon Mask sobiq «Twitter»ga bog‘langan «Xchat» messenjerini ishga tushirdi

Ilon Maskka tegishli «X» ijtimoiy tarmog‘i rasman alohida «Xchat» messenjerini chiqardi. Hozir ilova faqat iOS tizimi foydalanuvchilari uchun mavjud bo‘lib, u platformadagi mavjud kontaktlar bilan xabar almashish imkonini beradi.

Yopiq beta-testlardan so‘ng taqdim etilgan ilovada shaxsiy va guruh chatlari, audio va videoqo‘ng‘iroqlar hamda fayl almashish funksiyalari mavjud.

Ishlab chiquvchilar maxfiylikka alohida urg‘u bergan: messenjerda yo‘qoluvchi xabarlar, xabarlarni tahrirlash va ikki tomonlama o‘chirish, shuningdek, skrinshot olishni taqiqlash funksiyalari joriy etilgan. Kompaniya xabarlar uchinchi shaxslardan shifrlangan (E2EE) va PIN-kod bilan himoyalanganini ta’kidlamoqda.

Ushbu reliz Ilon Maskning avvalgi strategiyasi o‘zgarganidan dalolat beradi. Ilgari u barcha xizmatlarni — to‘lovlardan tortib shoping va sun’iy intellektgacha — bitta interfeysda birlashtirgan «super ilova» yaratmoqchi edi. Biroq endi Maskka tegishli «SpaceX» tarkibiga kiruvchi «xAI» kompaniyasi har bir yo‘nalish uchun alohida ilovalar chiqarish yo‘lini tanladi. Masalan, to‘lov tizimi ham hozirda mustaqil ilova sifatida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu strategiya foydalanuvchilar bilan aloqa nuqtalarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

 

Jamiyatlarning ko‘chishi va texnik talablar

«XChat» ilovasining ommalashishiga yana bir muhim qaror sabab bo‘lishi kutilmoqda. «X» rahbariyati asosiy tarmoqdagi «Communities» (Jamiyatlar) bo‘limini past faollik va spam tufayli yopishga qaror qildi. Endi ushbu format to‘liq «XChat» messenjeriga ko‘chiriladi, bu esa ilovani yuklab oluvchilar sonining keskin ortishini ta’minlaydi. Qizig‘i shundaki, «XChat» allaqachon AQSH va Ukrainada eng ko‘p yuklab olinayotgan bepul ilovalar qatoriga kirib ulgurdi.

Messenjerning ishga tushirilishi «SpaceX» tomonidan «xAI» va «X» tarmog‘ining yutilishi bilan bog‘liq masshtab qayta qurish davriga to‘g‘ri keldi. Bu Maskka moliyaviy oqimlarni birlashtirish va «Colossus» kabi superkompyuterlar quvvatidan «Meta» va «Google» bilan raqobat qilishda foydalanish imkonini berdi.

Shunga qaramay, yangi ilovaning texnik cheklovlari ham bor: uni o‘rnatish uchun kamida iOS 26.0 yoki iPadOS 26.0 operatsion tizimi talab qilinadi. Bu esa eskiroq qurilma egalari uchun yangi messenjerdan foydalanish imkoniyatini cheklaydi.

Teglar

Mavzuga oid