Yil yakuniga qadar inflatsiya pasayishdan to‘xtab, narxlar tezroq oshishi mumkin – Markaziy bank
Joriy yil yakuniga qadar global inflatsiya 4,7 foizga yetishi kutilmoqda. Neft narxining ko‘tarilishi O‘zbekistonda yoqilg‘i va transport xarajatlarini, o‘g‘it va oziq-ovqat qimmatlashuvi esa import hamda ichki narxlarni oshirishi mumkin.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaMarkaziy bankning 2026-yil ikkinchi chorakdagi pul-kredit siyosati sharhida keltirilishicha, jahon iqtisodiyoti Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinliklarga kutilganidan tezroq moslashgan. Energiya ta’minotidagi uzilishlar zaxiralar hisobidan qoplangan, ayrim davlatlarda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilgan.
Biroq energiya va yuk tashish xarajatlari hanuz yuqori. Bu ishlab chiqarish va yetkazib berish tannarxini oshirayotgani sababli tashqi bozordagi bosim yaqin oylarda ham saqlanib qolishi mumkin.
Jahon bozorida xomashyo qimmatlashuvi inflatsiyani oshirishi mumkin
Xalqaro valuta jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 2026-yilda 3 foizgacha sekinlashishi, 2027-yilda esa 3,4 foizga o‘sishi kutilmoqda. Shu bilan birga, global inflatsiya 2025-yildagi 4,1 foizdan 2026-yilda 4,7 foizgacha oshishi, 2027-yilda esa 3,9 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.
Bunga xomashyo bozoridagi qimmatlashuv ham sabab bo‘lishi mumkin. 2026-yilda jahon bozorida neft narxi o‘rtacha 31,8 foiz, mineral o‘g‘itlar 26 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari esa 8 foiz qimmatlashishi kutilmoqda.
Neftning qimmatlashuvi faqat yoqilg‘i narxiga emas, transport va ishlab chiqarish xarajatlariga ham ta’sir qiladi. O‘g‘it narxining qimmatlashishi esa qishloq xo‘jaligi tannarxini, undan keyin oziq-ovqat narxlarini ham oshirishi mumkin.
Avvalroq Markaziy bank raisi Temur Ishmetov xomashyo narxlaridagi o‘zgarishlar bugungacha ta’sir qilmaganini ta’kidlagan edi. Biroq regulyator har ikki xil ssenariyga ham tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Bu hali O‘zbekistonga bevosita ta’sir ko‘rsatmadi, biroq ikkilamchi ta’sirlar yuzaga kelishi va bizga ta’sir qilishi mumkinmi-yo‘qmi, buni diqqat bilan kuzatib boryapmiz», degan Ishmetov.
Yoqilg‘i narxi transport xarajatlarini oshirmoqda
Xalqaro inflatsiya oshishi O‘zbekistonga import mahsulotlari orqali seziladi. Chunki mamlakat tashqi savdosida importning ulushi yuqori.
2026-yilning dastlabki 6 oyida mineral yoqilg‘i va moylash materiallari importi 2,23 mlrd dollarga yetib, bir yilga nisbatan 19,3 foizga oshgan. Oziq-ovqat importi esa 2,82 mlrd dollarni tashkil etib, 44,2 foizga ko‘paygan.
Yoqilg‘i narxidagi o‘zgarish ichki bozorda ham sezilmoqda. Iyul oyida AI-98 va AI-100 benzini 10 foizga, AI-95 benzini 8,5 foizga, AI-92 benzini esa 3,9 foizga qimmatlashgan. Yoqilg‘i qimmatlashishi esa transport va yetkazib berish xarajatlarini ham oshiradi.
Bundan tashqari, logistika yo‘nalishlaridagi vaziyat hali to‘liq barqarorlashmagan. Masalan, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish hajmi 2026-yil iyul oyida tiklana boshlayotgan bo‘lsa-da, to‘liq barqarorlashish jarayonlari 2027-yil martgacha cho‘zilishi mumkin.
Ya’ni, tashqi bozordagi qimmatlashuv O‘zbekistonga faqat import tovarlari narxi orqali emas, balki ularni mamlakatga olib kelish xarajatlari orqali ham ta’sir qiladi.
Tashqi savdoning 47 foizi uch davlat hissasiga to‘g‘ri keladi
Yuqoridagi xavflarning O‘zbekiston uchun ahamiyatini tashqi savdo tarkibida ham ko‘rish mumkin. 2026-yilning birinchi yarmida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 41 mlrd dollarni tashkil etdi. Uning 23,1 foizi Xitoy, 17,1 foizi Rossiya va 6,8 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni tashqi savdoning qariyb yarmi uchta davlat bilan bog‘liq.

Manba: Markaziy bank
Xitoyda inflatsiya pastligi ichki talabning zaifligi bilan bog‘liq
Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori bo‘lib, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo qariyb 9,5 mlrd dollarga yetdi. Iyun oyida mamlakatda inflatsiya 1 foizni tashkil etdi, bir yillik kredit stavkasi esa 3 foiz darajasida saqlanib qoldi. Bu Xitoydan import qilinadigan mahsulotlar narxiga bosim hozircha kuchli emasligini anglatadi. Biroq ichki talabning sustligi O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan talabni cheklashi mumkin.
Rossiyada esa yuqori inflatsiya va qimmat kreditlar iqtisodiy faollikka bosim qilmoqda.
Iyun oyida inflatsiya 6 foizni tashkil etdi va yil yakunida 6–7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Rossiya O‘zbekiston uchun muhim savdo hamkori bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb 7 mlrd dollarni tashkil etadi. Energetika ham bu aloqalarning muhim yo‘nalishlaridan biri. Xususan, 2026-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish 10 mlrd kub metrdan oshishi mumkin. Bu 2025-yildagi 7 mlrd kub metrdan qariyb 43 foiz yuqori.
Qozog‘istonda inflatsiya yanada yuqori – 10,3 foiz
Shunga qaramay, Milliy bank asosiy stavkani 17 foizgacha pasaytirdi. Ichki talab, budjet xarajatlari, kommunal tariflar va yoqilg‘i narxlari esa narxlar bosimini saqlab turibdi. Qozog‘iston bilan savdo 2,8 mlrd dollarga yaqinlashgan, joriy yilning yarmida eksport 717 mln dollarni tashkil qilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy savdo hamkorlaridagi faollik eksport va pul o‘tkazmalarini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Biroq energiya va logistika xarajatlarining yuqoriligi tashqi inflatsiya xavfini saqlab qoladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda avgust oyida aholining inflyatsion kutilmalari 3,1 foiz bandga pasayib, 9,8 foizni tashkil qilgandi. Shunga qaramay, so‘rovda qatnashganlarning 53 foizi kommunal to‘lovlar, 52 foizi esa yoqilg‘i-energiya narxlarini asosiy xavotirlar qatorida qayd etgan.





