Logo

«Yiliga 150 mln dollar sarflayapmiz» —Dilshod Sultonov 1 foizlik soliq keshbekini tezroq bekor qilishga chaqirdi

Bugun 11:264 daqiqa

Fiskal tahlillar instituti direktorining o‘rinbosari Dilshod Sultonov 1 foizlik soliq keshbeki tizimi kutilgan maqsadga erishganini, endi esa uni saqlab qolish davlat budjeti uchun ortiqcha xarajatga aylanayotganini bildirdi. Uning fikricha, mazkur amaliyot qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi.

«Yiliga 150 mln dollar sarflayapmiz» —Dilshod Sultonov 1 foizlik soliq keshbekini tezroq bekor qilishga chaqirdi © Toshkent viloyati hokimligi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti direktorining o‘rinbosari Dilshod Sultonov 1 foizlik soliq keshbeki tizimini tezroq bekor qilishni taklif qildi.

Uning ta’kidlashicha, amaldagi keshbek mablag‘larining katta qismi chek berish tartibi allaqachon yo‘lga qo‘yilgan yirik savdo va umumiy ovqatlanish tarmoqlariga to‘g‘ri kelmoqda.

«Keshbek to‘lash tizimi qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi. Chunki 80 foiz pul shundoq ham chek beradigan tashkilotlar (mijozlari)ga ketyapti — bular katta supermarketlar, katta ovqatlanish shoxobchalariga to‘g‘ri keladi. Shu sababli keshbek tizimini olib tashlab, fuqarolar o‘rtasida yutuqli o‘yin o‘tkazishni taklif qilyapmiz. Hozir 20 mln so‘mgacha qiymatdagi cheklarni urish mumkin, bu limitni olib tashlaylik, odamlar istalgancha chek ursin va lotereya asosida 200 mlnlik mashina beraylik», — degan u Kun.uz'ga bergan intervyusida.

«Yiliga 150 mln dollar sarflayapmiz»

Dilshod Sultonovning aytishicha, institut 20 foiz soliq to‘lovchilarning nazoratini ta’minlash uchun davlat budjeti hisobidan har yili 150 mln dollar sarflashni samarali deb hisoblamaydi.

«Bu boshidan vaqtinchalik chora edi, odamlarda chek so‘rash madaniyatini shakllantirmoqchi edik. O‘ylaymanki, bu samara berdi. Hozir o‘g‘riliklar ko‘payyapti, qalbaki cheklarni o‘tkazish holatlari bor, cheklarni sotish boshlandi. Yiliga 150 mln dollar keshbek to‘lanyapti, bu 120 o‘rinli 300 ta bog‘cha degani», — dedi u.

12 foizlik QQS qaytarish tartibi saqlanib qoladi

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun oziq-ovqat va tibbiy xizmatlar bo‘yicha amal qilayotgan 12 foizlik QQSni qaytarish tartibi saqlab qolinadi.

Xususan, qo‘y, mol va parranda go‘shti, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari hamda tibbiy xizmatlar bo‘yicha amalga oshirilgan xaridlarda odatdagi 1 foizlik keshbek o‘rniga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘liq miqdori qaytarilishi amaliyoti bekor qilinmaydi.

«Biz hammaga birdek go‘sht uchun QQSdan imtiyoz bera olmaymiz, kambag‘al qatlam haftasiga yarim kilo go‘sht olsa, boylar bir haftada 5–10 kg olishi mumkin. Bu imtiyoz boylar uchun xizmat qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu tizim maqsadli ishlagani uchun u davom etadi, faqat takomillashtiramiz. Sababi soxta cheklar orqali QQSni qaytarib olish holatlari avj oldi», — deydi Dilshod Sultonov.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda 1 foizlik soliq keshbeki uchun 820 mlrd so‘m to‘langan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 1,8 trln so‘mga yetishi mumkin. Shu bilan birga, 2026 yilda davlat budjeti hisobidan bog‘chalar qurilishi uchun ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘ 900 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Keshbeklar qanday qilib firibgarlar biznesiga aylandi?

Vaqt.uz avvalroq O‘zbekistonda keshbek pullari qanday sxemalar orqali firibgarlar biznesiga aylangani haqida yozgandi.

Unda qayd etilishicha, ko‘pchilik holatlarda aynan bir xil sxema qo‘llanilgan. Avvalo, ishsiz yoki nomiga direktor bo‘lishga rozi bo‘lgan fuqarolar nomiga o‘nlab MCHJlar ochilgan. Keyin ushbu korxonalar bir-biriga yuzlab milliard, hatto trillion so‘mlik elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirgan. Hujjatlarda un, yog‘, shakar yoki go‘sht kabi mahsulotlar sotilgani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda hech qanday mahsulot mavjud bo‘lmagan.

Qog‘ozdagi ana shu «xaridlar» keyingi bosqich uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Korxonalar nazorat-kassa mashinalari orqali minglab fiskal cheklar chiqaradi. Tizim bularni haqiqiy xarid sifatida qabul qiladi va Soliq ilovasi orqali avtomatik ravishda keshbek hisoblay boshlaydi.

 

Firibgarlar tizimdan bir qadam oldinda

Keshbek firibgarligining muvaffaqiyatli ishlashiga imkon bergan eng muhim omillardan biri — «nazorat va to‘lov jarayonlari o‘rtasidagi vaqt tafovuti» bo‘ldi.

Tizimda keshbek mablag‘lari qisqa muddat ichida hisoblab beriladi. Ammo korxonaning haqiqatan ham mahsulot sotgani, elektron hisob-fakturalarda ko‘rsatilgan tovarlar mavjudligi yoki ular bo‘yicha pul o‘tkazmalari amalga oshirilganini tekshirish ko‘pincha keyinroq — reja asosidagi soliq tekshiruvlari davomida aniqlanadi.

Firibgarlar esa aynan shu «fortochka»dan foydalangan.

Avval bir necha korxona ro‘yxatdan o‘tkaziladi. So‘ng ular o‘zaro yuzlab milliard, hatto trillion so‘mlik soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtiradi. Keyingi bosqichda nazorat-kassa mashinalari orqali minglab fiskal cheklar yaratiladi va ular asosida Soliq ilovasida keshbek hisoblanadi. Mablag‘lar bank kartalariga o‘tkazilib, naqdlashtirilgach yoki boshqa hisob raqamlariga chiqarilgach, korxonalar faoliyati amalda to‘xtatiladi yoki tashlab ketiladi.

Natijada nazorat organlari tekshiruvni boshlagan paytda pul allaqachon tizimdan chiqib ketgan bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid