add

Zelenskiy Xitoyni Rossiyaga sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari berishda aybladi

Bugun 17:381292 daqiqa

Ukraina prezidenti Xitoy kompaniyalari Rossiyaga energetika ob’ektlariga zarba berishda yordam berayotganini aytdi.

Zelenskiy Xitoyni Rossiyaga sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari berishda aybladi

Volodimir Zelenskiy Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga zarba berishda Xitoyga aloqador kompaniyalardan olingan sputnik ma’lumotlaridan foydalanayotgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. U bu haqda Ukraina Tashqi razvedka xizmati rahbari Oleg Ivashenko taqdim etgan hisobotga tayanib, Telegram kanalida yozdi.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda Rossiya va Xitoydagi ayrim tuzilmalar o‘rtasida aloqalar faollashgan. Unga ko‘ra, Ukraina hududining Xitoy sputniklari orqali suratga olinishi va Rossiya armiyasining shu hududlardagi energetika ob’ektlariga bergan zarbalari o‘rtasida ma’lum darajada moslik kuzatilgan. Prezident bu holat Kiyevning urushni to‘xtatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlariga jiddiy putur yetkazishini qayd etdi.

Ukraina rahbari mazkur masalani xalqaro ittifoqchilar bilan muhokama qilish niyatida ekanini bildirdi. Shu bilan birga, u Xitoy hukumati ehtimoliy ma’lumot uzatishdan xabardor yoki yo‘qligini aniq aytmadi. Pekin rasmiylari esa avval ham Moskvaga harbiy yordam ko‘rsatayotgani haqidagi da’volarni qat’iy rad etib kelgan.

Avvalroq, 2023 yil bahorida AQSH Davlat kotibi yordamchisi Deniyel Kritenbrink Xitoyning Spacety Co kompaniyasi Ukrainada jang qilgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga sputnik suratlarini uzatganini aytgan edi.

So‘nggi oylarda Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga raketa va dronlar orqali hujumlarni kuchaytirdi. Buning oqibatida qish mavsumi boshlangan bir paytda millionlab ukrainaliklar muntazam ravishda elektr ta’minotisiz qolmoqda. Faqat dekabr oyining o‘zida Rossiya qo‘shinlari energetika ob’ektlariga uch marta ommaviy zarbalar bergan.

So‘nggi shunday hujum 23-dekabr kuni tunga to‘g‘ri kelgan. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, g‘arb va markaziy hududlarda, shuningdek, Xarkov shahrida elektr, isitish va jamoat transporti ishida jiddiy uzilishlar kuzatilgan.

Teglar

Mavzuga oid