Logo

9 oyda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotida qanday o‘zgarish bo‘ldi?

Bugun 17:272 daqiqa

O‘zbekistonda YAIMning o‘sish sur’ati 7,6 foizdan 8,3 foizgacha tezlashdi. Iqtisodiy o‘sishning tezlashishiga qaramay, inflatsiya 4,2 foizgacha pasaydi.

9 oyda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotida qanday o‘zgarish bo‘ldi? © Foto: internationalbda.com

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi iqtisodiy o‘sish dinamikasi, tarmoqlarning rivojlanish tendensiyalari, investitsiya faolligi va tashqi savdo ko‘rsatkichlarini tahlil qildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish saqlanib qoldi. YAIMning eng yuqori o‘sish sur’atlari Qirg‘iziston (10,8 foiz), O‘zbekiston va Tojikistonda (8,3 foizdan) qayd etildi. Investitsiyalar, qurilish, qayta ishlash sanoati, savdo va xizmatlar mintaqadagi iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bo‘ldi.

Qozog‘iston iqtisodiyoti o‘tgan yilgi 6,3 foizga nisbatan 4,2 foizga o‘sdi. Tog‘-kon sanoatida ishlab chiqarish hajmi 4,3 foizga qisqargan bo‘lsa, qayta ishlash sanoatida 8,6 foizga o‘sdi. Investitsiyalar 7 foizga, qurilish ishlari hajmi 11,5 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,8 foizga oshdi.

O‘zbekistonda YAIMning o‘sish sur’ati 7,6 foizdan 8,3 foizgacha tezlashdi. Asosiy kapitalga investitsiyalar 20,1 foizga, xizmatlar hajmi 16,7 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,1 foizga, chakana savdo 19,7 foizga oshdi. Iqtisodiy o‘sishning tezlashishiga qaramay, inflatsiya 4,2 foizgacha pasaydi. Oltinni hisobga olmaganda, eksport 31,6 foizga o‘sdi.

Turkmanistonda iqtisodiy o‘sish sur’ati 6,3 foiz darajasida saqlanib qoldi. Kapital qo‘yilmalar 3,5 foizga, chakana savdo 10,5 foizga, tashqi savdo aylanmasi 8,3 foizga oshdi.

Qirg‘izistonda YAIMning o‘sish sur’ati 9,9 foizdan 10,8 foizgacha tezlashdi. Investitsiyalarning 68,5 foizga va qurilish ishlari hajmining 62,2 foizga oshishi iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bo‘ldi. Sanoat 7 foizga, qishloq xo‘jaligi 6,5 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, inflatsiya 8,1 foizgacha tezlashdi.

Tojikiston iqtisodiyoti 8,3 foizga o‘sdi. Investitsiyalar 44,9 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,7 foizga, jumladan, qayta ishlash sanoati 21,5 foizga oshdi. Tashqi savdo aylanmasi 35,6 foizga oshib, 10,7 mlrd dollarga yetdi. Inflatsiya 2,8 foizni tashkil etib, mintaqadagi eng past ko‘rsatkich bo‘lib qoldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun barqaror va muvozanatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Bunga xomashyoni chuqur qayta ishlash, o‘zaro savdoni rivojlantirish, transport aloqalarini mustahkamlash va transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish orqali erishish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga yuk tashish hajmi besh yilda 53 baravar oshgani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid

9 oyda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotida qanday o‘zgarish bo‘ldi? | Vaqt.uz