add

903 ta «og‘ir» mahalla uchun quyosh stansiyalari qurib beriladi

23.01.2026 | 18:502 daqiqa

O‘zbekistonda «og‘ir» mahallalarda barqaror elektr ta’minoti va doimiy daromad manbai yaratishga qaratilgan yangi «yashil» tashabbus amalga oshiriladi.

903 ta «og‘ir» mahalla uchun quyosh stansiyalari qurib beriladi

Shavkat Mirziyoyev 903 ta «og‘ir» mahallaning har birida quvvati 300 kilovatt bo‘lgan kichik quyosh elektr stansiyalari qurilishini ma’lum qildi. Prezident ta’kidlaganidek, ushbu stansiyalar mahallalarga beg‘araz aktiv sifatida beriladi va har bir hududda yiliga 400–500 million so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan iqtisodiy manba shakllanadi.

Yig‘ilishda «og‘ir» tuman va mahallalarda aholini ish bilan ta’minlash hamda daromadini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash muhim ekani qayd etildi. Shu maqsadda quyosh stansiyalari qurilib, ulardan olinadigan «yashil» energiya hisobidan mahallalar o‘z moliyaviy manbalarini yaratishi ko‘zda tutilmoqda.

Tashabbus maqsadi

Quyosh stansiyalaridan tushadigan daromad «yashil» chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Xususan, ehtiyojmand xonadonlarni energiya tejamkor texnologiyalar asosida ta’mirlash, ularning elektr xarajatlarini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilash rejalashtirilgan. Shu doirada 1-guruh nogironligi bo‘lib, oilasida mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan 6 ming 700 ta xonadon energiya tejamkor holatga keltiriladi.

Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilish ishlariga mahallalarda yashovchi kambag‘al oilalar a’zolari jalb etiladi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining doimiy daromadga ega bo‘lishiga xizmat qiladi. Bunday tajriba ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada ham joriy etiladi.

Ma’lum qilinishicha, kichik quyosh stansiyalari tayyor holda mahallalarga 7 yil muddatga foizsiz lizing asosida beriladi. Ushbu tashabbus «og‘ir» mahallalarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, «yashil» energiya ulushini oshirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish sohasida qilingan choralar sababli kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushganligini ma’lum qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid