add

Chorva mollaridagi ko‘payotgan yuqumli kasallik, qimmatlagan«parkovka» va tezligi oshadigan avtobus — 5-dekabr dayjesti

Bugun 22:012263 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Chorva mollaridagi ko‘payotgan yuqumli kasallik, qimmatlagan«parkovka» va tezligi oshadigan avtobus — 5-dekabr dayjesti

Samarqandda chorva mollarida noma’lumligicha qolayotgan yuqumli kasallik tarqalishda davom etyapti

Samarqand viloyatida chorva mollari orasida teri kasalligiga o‘xshash, ammo hali rasman nomlanmagan yuqumli xastalik tarqalishi davom etmoqda. Avval Veterinariya qo‘mitasi bu xabarlarni rad etgan bo‘lsa-da, aholi va mahalliy manbalar qoramollarda nodulyar dermatitga o‘xshash belgilar, oqsil kasalligi, davolash uchun katta xarajatlar va o‘lim holatlari qayd etilayotganini bildirmoqda. Qishloqlarda veterinarlarning yo‘qligi, majburiy emlash amalga oshirilmayotgani va yaylovlardagi chorva soni keskin kamaygani haqida shikoyatlar ko‘paygan.

Qonunga ko‘ra, har bir veterinar yuqumli kasallikdan shubhalanganda davlat veterinariya xizmatiga xabar berishi shart, biroq hududlarda bu mexanizm ishlamayotgani ko‘rinmoqda. Nazoratsiz sharoitda kasal qoramollar so‘yilib, go‘shti sotilayotgani ham aholida xavotir uyg‘otmoqda. Veterinariya qo‘mitasi nodulyar dermatitni rad etgan bo‘lsa-da, kasallikning aniq nomi va tabiati haqida hali ham rasmiy tushuntirish berilmagan, amalda esa xastalik tarqalishi davom etyapti.

Talabalar qishki ta’tili muddati rasman belgilandi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq, qishki ta’til joriy yil 28-dekabrdan boshlanib, 2026 yil 10-yanvariga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Talaba va o‘quvchilarning qishki ta’til davrida doimiy yashash hududlariga (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga) borib-kelishini qulaylashtirish maqsadida Transport vazirligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ hamda «Uzbekistan Airways» AJ bilan hamkorlikda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Shunga muvofiq, 2025 yil 18-dekabrdan 2026 yil 12-yanvariga qadar (shu kuni ham) talabalar va o‘quvchilar uchun 50 foiz chegirma asosida yo‘l chiptalari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi oshiriladi — Prezident qarori

Toshkentda jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish, avtobuslarning o‘rtacha tezligini 18 km/soatdan 24 km/soatga oshirish va yo‘l infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha yirik islohotlar boshlandi. Prezident qaroriga ko‘ra, 2030 yilgacha metropoliten uzunligi 103 kmga yetkazilib, 150 ming o‘rinli parkovkalar barpo etiladi. Shaharga kirish nuqtalarda va metro kesishmalarda ko‘p qavatli to‘xtab turish joylari quriladi.

Shuningdek, «Yo‘l harakatini tashkil etish markazi» tashkil etilib, transport oqimini real vaqtda nazorat qilish, svetoforlarni avtomatik moslashtirish, jamoat transportiga ustuvoriylik berish kabi vazifalarni amalga oshiradi. Intellektual transport tizimi videokuzatuv va sensorlar orqali ma’lumot to‘plab, harakat xavfli hududlarini aniqlaydi va optimal yechimlar taklif qiladi.

Noyabr oyida «parkovka» narxlari qancha qimmatlagan?

2025 yil noyabr oyida avtomobil to‘xtash joylari xizmatlari narxlari oktabr oyiga nisbatan, ya’ni bir oyda o‘rtacha 2,8 foizga qimmatlashgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Noyabr oyida barcha xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,3 foizga oshgan. Bu avtomobil to‘xtash joylari narxi umumiy xizmat bozoridagi o‘rtacha narxdan 2,5 foiz ko‘proqqa qimmatlaganini ko‘rsatadi.

Qayd etilishicha, avtomobil to‘xtash joyi xizmatlari narxi yil boshidan buyon 15,5 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 16,2 foizga oshgani kuzatilgan. Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil noyabr oyida O‘zbekistonda inflatsiya ko‘rsatkichi 0,7 foizni tashkil etdi.

Abdusattorov London Chess Classic’da bir tur oldin chempionlikni rasmiylashtirdi

London Chess Classic 2025 turnirining 8-turidan keyin o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov 7 ochko to‘plab, bir tur qolgandayoq musobaqa g‘olibi deb topildi. U bu turda birinchi raqamli ishtirokchi Alirizo Firo‘zjaga qarshi durang o‘ynab, natijalar bo‘yicha raqiblaridan uzoqda yetakchilikni saqlab qoldi. Firo‘zja 5 ochko bilan ikkinchi o‘rinda. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi — 50 ming funt sterling.

Abdusattorov turnir davomida a’lo formada ishtirok etib, Geveyn Jons bilan durangdan so‘ng ketma-ket olti g‘alaba qozondi. U AQSH, Britaniya, Gretsiya va Angliyaning yetakchi grossmeysterlarini mag‘lub etdi. Final turda u ukrainalik Pavel Elyanovga qarshi o‘ynaydi. Uning ushbu natijasi shaxmat reytingida ham jiddiy o‘zgarish kiritdi — 20 ochko qo‘shib, 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarildi.

Teglar

Mavzuga oid