Jahon banki O‘zbekistonga yo‘l uchun 200 mln dollar ajratdi

Bugun 11:253 daqiqa

Surxondaryoda 91 km yo‘l rekonstruksiya qilinib, u Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bilan bog‘lanadi.

Jahon banki O‘zbekistonga yo‘l uchun 200 mln dollar ajratdi

2026 yil 23-mart kuni Jahon banki O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida M41 mintaqaviy yo‘lining bir qismini rekonstruksiya qilish uchun 200 million dollar ajratishni ma’qulladi. Loyiha yo‘l infratuzilmasini yangilash va transport sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladi.

O‘zbekiston transport sektori YAIMning qariyb 8 foizini shakllantiradi va bir millionga yaqin aholini ish bilan ta’minlaydi. So‘nggi o‘n yilda mamlakat Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida 129-o‘rindan 88-o‘ringa ko‘tarildi.

Shu bilan birga, avtomobillar sonining tez o‘sishi yo‘l infratuzilmasidan ustun kelmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilgacha yuk tashish hajmini qoplash uchun yo‘l sig‘imi qariyb 500 foizga kengaytirilishi talab etiladi.

«Samarali va xavfsiz yo‘l hamda temir yo‘l tarmoqlarini rivojlantirish O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirish uchun muhim. Jahon banki O‘zbekistonda transport infratuzilmasi va xizmatlarini yaxshilash, shuningdek, transport sohasida islohotlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi», — Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji Benhassin.

5 yil ichida nima qilinadi?

Besh yillik loyiha doirasida Surxondaryo viloyatidagi M41 mintaqaviy yo‘l koridorining 91 kilometrli qismi rekonstruksiya qilinadi. Ushbu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bilan bog‘laydi va mavjud ikki qatorli yo‘l to‘rt qatorli avtomagistralga kengaytiriladi.

Loyiha yakunlangach, mazkur yo‘ldan har kuni taxminan 35 ming nafar haydovchi va yo‘lovchi foydalanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, atrof hududlarda yashovchi 550 mingga yaqin aholi uchun transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari va iqtisodiy faollik kengayadi, yangi ish o‘rinlari va bizneslar paydo bo‘ladi.

Loyiha doirasida yo‘l qoplamasi sifatini yaxshilash, yo‘l xavfsizligi infratuzilmasini rivojlantirish va avtobus bekatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, suv toshqini xavfiga moslashgan qariyb 180 ta ko‘prik va drenaj inshootlari quriladi yoki rekonstruksiya qilinadi.

Bu choralar yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlarini kamaytirish, sayohat vaqtini qisqartirish (o‘rtacha tezlik 65 dan taxminan 90 km/soatgacha oshishi kutilmoqda), yo‘lovchi va yuk tashish ishonchliligini oshirish hamda Surxondaryo viloyatining mamlakatning boshqa hududlari va qo‘shni davlatlar bilan aloqasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Transport vazirligi uchun Milliy multimodal transport strategiyasi ishlab chiqiladi. U transport xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish uchun yo‘l xaritasi vazifasini bajaradi, qaror qabul qilishda ma’lumotlarga asoslangan yondashuvni kuchaytiradi va turli transport turlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni yaxshilashni ko‘zlaydi.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJda biznes jarayonlari, korporativ boshqaruv, moliyaviy shaffoflik, yo‘lovchi xizmatlarini rejalashtirish hamda ESG amaliyotlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu kompaniyaning samaradorligini oshirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, mazkur ishlar transport, savdo va turizm sohalarida yangi ish o‘rinlarini yaratish, yuk va yo‘lovchi oqimini oshirish hamda O‘zbekistonning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid