Oltin quladi: sabablar, oqibatlar va kutilmalar
Azaldan urush davrida oltin xavfsiz boshpana sifatida qaraladi. Biroq, Yaqin Sharqdagi urush davom etayotgan bo‘lsa ham oltin narxi keskin pasaymoqda. Bunga nima sabab bo‘lyapti? Batafsil:

O‘zbekistonda oltin quymalari bir necha hafta ichida sezilarli arzonaladi. 24-mart holatiga ko‘ra, quymalar narxi bir kunda 8,6 foizga pasayib ketdi. Bu quymalar uchun tarixdagi kunlik eng yirik pasayish bo‘ldi.
100 gramm ko‘rinishidagi eng katta oltin quymalari 195,6 mln so‘mdan 180,1 mln so‘mgacha arzonladi. Banklar ularni qadog‘i but holatda 173,1 mln so‘mdan, qadog‘i buzilganda 171,4 mln so‘mdan aholidan sotib olmoqda.
3-mart kuni oltin quymalari narxi tarixiy rekord darajaga chiqqandi. Shundan beri quymalar narxida 17,1 foizlik pasayish qayd etildi. 100 gr quyma narxi 37,2 mln so‘mga arzonladi.
3-mart kunidagi narxda bankdan quyma sotib olganlar bugun bankka uni qaytarib 20 foiz arzonroqqa yoki 44,2 mln so‘m zarar bilan sota oladi.
Jahonda ham oltin narxi 23-mart, dushanba kuni troya unsiyasi (31,1 g) uchun 4 100–4 200 dollar oralig‘igacha tushib ketdi. Ayni paytda oltin birjalarda 4 350 dollar atrofida sotilmoqda.
Oltin nega keskin arzonladi?
Oltin narxi sezilarli tushishiga Yaqin Sharqdagi keskinlik neft va energiya narxlarini oshirgani, bu esa inflatsiya xavfini kuchaytirayotgani sabab bo‘lyapti.
Inflyatsion xavotirlar kuchayishi esa Markaziy banklarni foiz stavkalarini ushlab turishga, zarur bo‘lgan taqdirda oshirishga olib keladi.
Ayniqsa AQSH Federal zaxira tizimi (Fed) foiz stavkalarini pasaytirmasligi, keskinroq pul-kredit siyosatini olib borishi dollarni investorlar uchun jozibadorroq qilmoqda.
Nega kuchli dollar oltin uchun yomon?
Yaqin Sharqdagi urush energiya ta’minotida uzilishlarni paydo qilib, narxlarni sezilarli oshirdi. Bu esa sof energiya eksportchisi bo‘lgan AQSH uchun qo‘l keldi.
Fed’ning inflyatsion xatarlar fonida keskinroq siyosati bo‘yicha kutilmalar ham investorlarni dollarni xavfsiz boshpana sifatida ko‘rishga undamoqda.
Aksariyat investorlar geosiyosiy ziddiyatlar fonida oltindan ko‘ra dollar, jumladan AQSH davlat obligatsiyalari ko‘proq daromad olib keladi deya ishonmoqda.
Fed foiz stavkalarini yuqoriroq ushlab turgan taqdirda bu dollardagi obligatsiyalarning daromadliligini oshirishga olib keladi. Natijada, investorlar oltinni imkoni boricha yuqoriroq narxda sotishga harakat qilib, pullarini dollarda ushlashga intilyapti.
Urush paytida “oltin — xavfsiz boshpana” emasmidi?
Azaldan oltin urush va noaniqlik davrida xavfsiz boshpana sifatida qaraladi. Yaqin Sharqdagi urush boshlanganda bu safar ham shu qoida ishladi — oltin narxi sezilarli oshdi.
Urushgacha oltinning global narxi unsiyada 5 100 dollarlar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, urush boshlangach 5 400 dollargacha ko‘tarildi.
Biroq, ziddiyat davom etarkan investorlar “sovuq miya” bilan o‘ylashni boshladi. Hozirda ular real iqtisodiy faktorlarga asoslanib qaror qabul qilmoqda.
Real iqtisodiy vaziyat esa, yuqorida qayd etilganidek, investorlar uchun dollarni jozibador qilib ko‘rsatmoqda.
Oltin O‘zbekiston uchun qanchalik muhim?
1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralarida 67,7 mlrd dollarlik oltin bor. Yil boshida bu ko‘rsatkich 55,1 mlrd dollar edi.
Oltin zaxiralari bu darajada tez o‘sishiga bu davrda oltin keskin qimmatlagani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, zaxiralarda oltinning fizik hajmi 400 tonnadan oshib, rekord darajaga yetdi.
Qimmatbaho metall narxi tushishi mamlakat zaxiralarining ham sezilarli pasayishiga olib keladi. Hozirgi past narxlar saqlanib qoladigan bo‘lsa, O‘zbekiston milliardlab dollar yo‘qotadi.
2026-yilgi davlat budjeti 20 foizdan oshg‘ini Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) to‘ldirishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil 17,7 foiz, 2024-yil 12,4 foiz bo‘lishi prognoz qilingandi.
O‘tgan yilda oltin narxi sezilarli oshib, bir necha bor tarixiy rekordlarni yangilagandi. Yil boshida qimmatbaho metallning global narxi unsiyada 2 650 dollar atrofida edi. Keyinchalik narx qariyb 4 500 dollargacha chiqdi. 2026-yilda narx 5 600 dollargacha yetib, tarixiy rekordni yangiladi.
Oltin qimmatlashi fonida, NKMKning 2025-yil birinchi yarmidagi sof foydasi 72 foizga o‘sib, 1,5 mlrd dollarni tashkil qildi. Narx pasayishi NKMK daromadiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi.
Oltin bo‘yicha kutilmalar qanday?
Ayni paytda oltin narxi bo‘yicha noaniqliklar kuchaygan bo‘lsada, u bir yil avvalgiga qaraganda ancha yuqori bo‘lib turibdi.
Oltinni o‘sishda rag‘batlantiruvchi geosiyosiy ziddiyatlar, dollarlashuvni kamaytirish, global qarz oshishi va markaziy banklarning talabi kabi jihatlar hamon kun tartibida turibdi.
2026 yilda yirik banklar va tahlilchilar oltinni unsiyada 6 000 dollardan oshishini kutmoqda. UBS 2026 yil sentabrga qadar oltin narxi 6 200 dollarga chiqishini prognoz qilayotgan bo‘lsa, Deutsche Bank bu ko‘rsatkich 6 000 dollar bo‘lishini taxmin qilmoqda.
JP Morgan tahlilchilari yil oxirigacha oltin 6 300 dollarlik marrani kesib o‘tishiga ishonmoqda.





