Energetika inqirozi: dunyo neft va gaz ta’minoti izdan chiqishi mumkin

Bugun 14:102 daqiqa

Yaqin Sharqdagi to‘qnashuvlar global energetika bozoriga bosimni kuchaytirdi. Mutaxassislar neft va gaz ta’minoti zanjirlarida jiddiy uzilishlar yuzaga kelishi ehtimolini istisno etmayapti.

Energetika inqirozi: dunyo neft va gaz ta’minoti izdan chiqishi mumkin

Yaqin Sharqdagi to‘qqiz davlatda 40 dan ortiq energetika obyekti jiddiy zarar ko‘rgani global bozor uchun katta xavfni yuzaga keltirdi. Xalqaro energetika agentligi rahbari Fotix Birolga ko‘ra, bu holat neft va gaz ta’minotida uzoq muddatli uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Energetika infratuzilmasiga zarba

Uning ta’kidlashicha, neft konlari, qayta ishlash zavodlari va quvurlar infratuzilmasini tiklash uchun ancha vaqt talab etiladi. Bu esa hatto harbiy to‘qnashuvlar tugagandan keyin ham ta’minot zanjirlarida muammolar saqlanib qolishini anglatadi.

Mutaxassis mavjud vaziyatni 1970-yillardagi neft shoklari hamda 2022-yildagi gaz inqirozining birlashgan ko‘rinishi sifatida baholamoqda. Inqiroz nafaqat neft va gaz, balki neft-kimyo mahsulotlari, o‘g‘itlar, oltingugurt va geliy ta’minotiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Eng zaif hudud — Osiyo

Ekspertning fikricha, Yaqin Sharq neftiga qaramligi yuqori bo‘lgan Osiyo mintaqasi eng zaif nuqtaga aylangan. Shuningdek, u Xitoyning yoqilg‘i eksportini cheklash haqidagi qarorini tanqid qilib, barcha mamlakatlarni inqirozga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi.

Harbiy ziddiyatlar fevral oxirida AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi bilan boshlangan. Javob sifatida Eron Fors ko‘rfazi mamlakatlarining energetika infratuzilmasiga zarbalar bermoqda.

Jumladan, mart oyi boshida Abu-Dabidagi sutkasiga 922 ming barrel quvvatga ega eng yirik «Er-Ruvays» neftni qayta ishlash majmuasiga hujum amalga oshirildi. Shuningdek, 18-mart kuni Eron Qatardagi global suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishning qariyb 20 foizini ta’minlovchi «Ras-Laffan» sanoat markazini nishonga oldi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va neft bozoriga bosim

Bundan tashqari, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ydi va neft tankerlariga hujumlar uyushtirmoqda. Natijada, Saudiya Arabistoni, BAA, Iroq va Quvayt neft qazib olishni qisqartirish yoki to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Teglar

Mavzuga oid