YI Vengriyani Rossiyaga ma’lumot yetkazish ehtimoli sabab maxfiy muzokaralardan chetlatdi — OAV
Polsha bosh vazirining bayonotidan so‘ng, YI yetakchilari muhim masalalarni Vengriya ishtirokisiz, kichikroq formatlarda muhokama qila boshlagan.

Yevropa Ittifoqi Vengriya hukumatining maxfiy muzokaralarda ishtirok etishini cheklab qo‘ydi, bunga ma’lumotlar Rossiyaga berilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bo‘lgan, deb xabar berdi «Politico».
Nashrning besh nafar yevropalik diplomat va mulozimga tayanib xabar berishicha, YI Vengriyaning maxfiy muzokaralarda ishtirok etishini cheklagan. Bu Polsha bosh vaziri Donald Tusk kecha Viktor Orban hukumati Rossiya bilan ma’lumot almashmoqda, deb bayonot berganidan keyin sodir bo‘ldi. U «X» ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirgan.
«Orbanning odamlari Moskvani YI Kengashi yig‘ilishlari haqida eng mayda tafsilotlarigacha xabardor qilayotgani haqidagi yangilik hech kimni hayron qoldirmasligi kerak. Biz buni anchadan beri gumon qilardik. Shuning uchun men faqat o‘ta zarur hollarda so‘zga chiqaman va faqat kerak bo‘lgan narsani aytaman», — dedi Tusk.
Qayd etilishicha, Polsha bosh vaziri tomonidan aytilgan yangi ayblovlarga YI tomonidan rasmiy javob bo‘lmaydi, chunki bu 12-aprel kuni Vengriyada bo‘lib o‘tadigan saylovlarga ta’sir qilishi mumkin. Biroq mulozimlar Budapeshtdan Kremlga maxfiy ma’lumotlar sizib chiqishi xavfidan xavotir bildirishgan.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa yetakchilari endi Vengriyani chiqarib tashlagan holda kichik guruhlarda yig‘ilishmoqda.
«Umuman olganda, sodiq bo‘lmagan a’zo davlatlar muhim Yevropa diplomatiyasining katta qismi hozirda turli, kichikroq formatlarda — «E3», «E4», «E7», «E8», Veymar alyansi, «NB8», «JEF» va boshqalarda sodir bo‘layotganining asosiy sababidir», — dedi mulozim.
Raqamlar guruhdagi Yevropa yetakchilari sonini bildiradi. Veymar alyansi tarkibiga Fransiya, Germaniya va Polsha kiradi. «NB8» — bu Shimoliy Yevropa va Boltiqbo‘yining sakkizta davlati. «JEF» — bu Shimoliy Yevropaning 10 ta davlatidan iborat Birlashgan ekspeditsiya kuchlari.





