Eron yangi banknotani muomalaga kiritdi
Eron hukumati yuqori inflatsiya va urush sharoitida naqd pulga talab keskin oshgani sabab tarixda eng yirik nominaldagi — 10 mln riallik yangi banknotani muomalaga chiqardi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, yangi pul birliklari banklar orqali tarqatila boshlangan. Elektron to‘lov tizimlari ishdan chiqishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab, aholi orasida naqd pulga talab keskin oshdi. Bu haqda «Financial Times» ma’lum qildi.
Banknota qiymati
Yangi banknota qiymati taxminan 7 dollarga teng bo‘lib, u eng yuqori nominalga aylandi. Uning old tomonida IX asrga oid Yazd shahridagi Jome masjidi, orqa qismida esa qadimiy Bam qal’asi tasviri joylashgan.
Naqd pul tanqisligi
Rasmiylar ushbu qaror aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida qabul qilinganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, debet kartalari, mobil va internet-banking kabi elektron xizmatlar asosiy to‘lov vositasi bo‘lib qolishi aytilgan. Biroq amalda banklar mijozlarga cheklangan miqdorda naqd pul bermoqda.
Mahalliy aholi vakillarining ta’kidlashicha, bir necha soat navbatda turilganiga qaramay, ko‘p hollarda yetarli miqdorda pul olish qiyin. Bu esa urush sharoitida moliyaviy tizimga bo‘lgan ishonch pasayganini ko‘rsatmoqda.
Yillik inflatsiya ko‘rsatkichi
Iqtisodiy vaziyat esa yillar davomidagi sanksiyalar, yuqori inflatsiya va milliy valutaning qadrsizlanishi ta’sirida allaqachon og‘irlashgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yillik inflatsiya 47,5 foizni tashkil etgan, oziq-ovqat mahsulotlari narxi esa 100 foizdan ortiq oshgan.
10 mln riallik banknotlar muomilaga chiqarilgunicha Erondagi eng yirik kupyura 5 mln rial bo‘lib turgandi. Markaziy bank uni fevral oyi boshida muomilaga chiqargan.





